O‘zbekistonda raqamli islohotlar hayotning turli sohalarida o‘z samarasini bermoqda. Endilikda bu jarayon dehqon bozorlariga ham kirib bordi.
Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida joylashgan Pastdarg‘om meva-sabzavot dehqon bozorida “Raqamli O‘zbekiston – 2030” doirasida joriy qilingan raqamli-bozor.uz axborot tizimi nafaqat bozor faoliyatini raqamlashtirish, balki uni ochiq, samarali va qonuniy tarzda tashkil qilishda muhim bosqich bo‘ldi.
Muammodan yechimgacha: raqamlashtirish zarurati
Pastdarg‘om bozorining raqamlashtirish tajribasi uchun tanlangani bejiz emas. Tegishli idoralar tomonidan o‘tkazilgan tahlillarda aynan shu bozorda qonunbuzarlik holatlari nisbatan ko‘proq qayd etilgan. Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida bozorning 51 foiz davlat ulushiga ega ekanligi va umumiy maydoni 5,2 gektardan iboratligi hisobga olinib, raqamlashtirish bo‘yicha innovatsion loyiha amalga oshirildi.
“raqamli-bozor.uz”: bir dastur – o‘nlab yechimlar
Real Soft kompaniyasi bilan hamkorlikda yaratilgan “raqamli-bozor.uz” dasturi 12 bo‘limdan iborat bo‘lib, bozordagi barcha muhim faoliyat yo‘nalishlarini qamrab oladi. Ushbu tizim orqali to‘lovlar, ijara shartnomalari, avtoturargoh, nazorat, da’volar va boshqa sohalarda to‘liq elektron nazorat ta’minlanadi. Eng muhimi – ma’lumotlar kunlik, oylik va yillik tarzda ko‘rilib, yuklab olinishi mumkin.
Sun’iy intellekt, videokuzatuv va avtomatlashgan baholash
Bozor hududida o‘rnatilgan 27 kamera sun’iy intellekt orqali har bir savdo nuqtasini kuzatish, mahsulot turini aniqlash va to‘lov miqdorini hisoblash imkoniyatini berdi. Bu tadbirkorlarga nisbatan adolatli yondashuvni ta’minlash bilan birga, daromadni yashirish holatlarining oldini olmoqda. Chorva mollari bozorida ham tushumlar real vaqtda aniq hisoblanib, shaffoflikka erishilmoqda.
Elektron to‘lov tizimi joriy qilinishi bilan xaridorlar to‘lovlarni onlayn amalga oshirishi mumkin bo‘ldi. Do‘kon egalari bilan kadastr ma’lumotlari asosida shartnomalar rasmiylashtirilib, muddatida amalga oshirilmagan to‘lovlar bo‘yicha avtomatik ogohlantirish va da’vo arizalari shakllantirish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Natijalar
“Pastdarg‘om meva-sabzavot dehqon bozori”dagi raqamli islohotlar nafaqat savdo munosabatlarida yangi bosqichni boshladi, balki shahar va tumanlar miqyosidagi boshqa bozorlar uchun ham namuna sifatida xizmat qilmoqda.