

Unda “yashil” energetika va sun’iy intellekt sohalaridagi sheriklikni yanada chuqurlashtirish yuzasidan takliflar ortaga tashlandi.
Investorlarga quyosh va shamol elektr stansiyalari bilan bir qatorda energiya saqlash tizimlarini rivojlantirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, “yashil” energiya asosida ishlaydigan data-markazlar barpo etish taklif etildi.
Sun’iy intellekt tarmog‘ini rivojlantirish – davrimizning muhim talabi. Xorijiy ekspertlar O‘zbekistonda kelgusi besh yilda ushbu yangi yo‘nalishda kamida 10 milliard dollarlik qo‘shimcha qiymat yaratilishini prognoz qilmoqda.
“Asosiy vazifamiz sun’iy intellekt orqali aholining barcha qatlamlari hayotini yaxshilash, undan ta’lim, davlat xizmatlari va biznes jarayonlarida keng foydalanishdan iborat”,
– dedi Prezidentimiz.
Qoraqalpog‘istonda sun’iy intellekt loyihalari va data-markazlar uchun maxsus zona yaratildi. Bu hududda 2040-yilgacha investorlar barcha turdagi soliq va bojlardan ozod qilinadi, yo‘l, elektr, suv infratuzilmasi davlat hisobidan qurib beriladi, 1 kilovatt-soat elektr energiyasi uchun 5 sent miqdorida imtiyozli tarif belgilanadi.
Shu bilan birga, maxsus huquqiy rejimga ega bo‘lgan O‘zbekiston xalqaro raqamli texnologiyalar markazi ham tashkil etilmoqda.
Prezidentimiz investorlarni ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha jozibadorligi yuqori bo‘lgan loyihalarda hamkorlikka taklif etdi.