O'zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi banneri
Qozog‘iston raqamli dunyoning eng ilg‘or 15 mamlakati qatoriga kirmoqchi

Qozog‘iston raqamli dunyoning eng ilg‘or 15 mamlakati qatoriga kirmoqchi

21 avgust 2026

Qozog‘iston global raqamlashtirish jarayonida Markaziy Osiyoda yetakchilikni ushlab turib, dunyoning eng rivojlangan davlatlari bilan muvaffaqiyatli raqobatlashmoqda.

Ranking.kz tahliliy portalida e’lon qilingan maqolada mamlakatning BMT Elektron hukumat reytingidagi keskin o‘sishi va sohadagi islohotlar haqida so‘z boradi.

Raqamli transformatsiya Qozog‘iston taraqqiyotini harakatlantiruvchi asosiy kuchga aylanib, davlat boshqaruvi, biznes, ta’lim, moliya va kundalik xizmatlar kabi deyarli barcha sohalarni qamrab olmoqda. So‘nggi yillarda mamlakatda raqamli infratuzilma izchil yuksalib, onlayn xizmatlar ko‘lami kengaydi va davlat idoralari ishiga zamonaviy texnologiyalar singdirildi. Bu o‘zgarishlarning eng ko‘zga ko‘ringan samarasi elektron hukumat tizimi bo‘ldi. Natijada davlat xizmatlari bosqichma-bosqich raqamli shaklga o‘tib, fuqarolar uchun yanada qulay, tezkor va oson foydalaniladigan tus olmoqda.

Bu borada Digital Qazaqstan umummilliy strategiyasi muhim o‘rin tutadi, jumladan, unda sun’iy intellektni mamlakat raqamli ekotizimiga faol joriy etishga ustuvorlik berilmoqda.

Jahon reytingidagi sakrash: Nishonda — Top-15

Qozog‘iston elektron hukumatni joriy etish, jumladan, raqamlashtirish sohasida dunyo yetakchilari safidan joy oldi. BMTning 2024 yilgi Elektron hukumatni rivojlantirish indeksida (Global E-Government Development Index) mamlakat 0,9 ko‘rsatkich bilan 24-o‘rinni band etdi. E’tiborli jihati, qo‘shnimiz ko‘plab rivojlangan davlatlar, xususan, Yevropa mamlakatlarini ham ortda qoldirdi. Iqtisodiy ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan Shveysariya, Turkiya, Latviya, Fransiya, Xorvatiya, Xitoy, Kanada, Italiya va Belgiya kabi davlatlarda elektron hukumat darajasi Qozog‘istondagiga qaraganda pastroq bo‘lib chiqdi.

Mamlakatning jahon maydonidagi mavqei yil sayin yuksalib borayotgani chindan ham alohida e’tiborga loyiq. 2008 yilda Qozog‘iston reytingda 81-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2010 yilda — 46, 2018 yilda — 39, 2022 yilda — 28 va nihoyat, 2024 yilda 24-pog‘onaga ko‘tarildi. Yillar davomida vaziyat faqat ijobiy tomonga o‘zgarib bormoqda. Bugungi holatdan kelib chiqib, yaqin yillarda Qozog‘iston Respublikasi elektron hukumat rivojlanishi bo‘yicha dunyoning eng ilg‘or 15 ta davlati qatoriga kirish uchun jiddiy salohiyatga ega, deb ishonch bilan aytish mumkin.

Barcha raqamli mahsulotlar yagona QazTech muhitida

Qozog‘istonda raqamli mahsulotlarni ishlab chiqish bo‘yicha yagona QazTech muhitiga o‘tilgan. 2026 yil 1 aprelda ishga tushgan ushbu platforma yangi servislarni yaratish va ishga tushirish muddatini bir necha yildan bir necha haftagacha qisqartiradi, dedi mamlakat Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyev.

Mamlakat hukumati amaldagi tizimlarni QazTech platformasiga ko‘chirish bo‘yicha ikki yillik rejani tasdiqlagan. Joriy yilda ulardan 39 tasini ko‘chirish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 36 tasida ishlar yakunlanish bosqichida. Yana 25 tasi rejadan tashqari ravishda migratsiya va ishlab chiqish bosqichida, 10 tasi esa platformada to‘liq ishlamoqda. Ya’ni ishlar rejada belgilangan muddatlardan oldin bormoqda va bugungi kunda barcha davlat organlari QazTech bilan ishlamoqda.

E’tiborli jihati, mamlakat prezidentining farmoni bilan Qozog‘istonda QazTech platformasidan tashqari davlat axborot tizimlarini yaratishga moratoriy joriy etilgan.

Raqamli transformatsiyaning muhim natijalaridan biri elektron hukumat infratuzilmasining ishonchliligi va samaradorligi oshganidir. 2026 yilda elektron hukumat shlyuzi — axborot tizimlari o‘rtasida ma’lumot almashishning asosiy kanali modernizatsiya qilindi.

Yangilanishdan so‘ng uning maksimal o‘tkazuvchanlik qobiliyati 2,5 barobarga — soniyasiga 800 tadan 2 mingta so‘rovgacha oshdi. Shu bilan birga, tizimning barqarorligi ham sezilarli darajada yaxshilandi. Agar 2023–2025 yillarda jami 59 soat davom etgan 51 ta uzilish qayd etilgan bo‘lsa, 2026 yilda yangi shlyuzda birorta ham nosozlik yoki ish faoliyatida uzilish kuzatilmadi.

Modernizatsiya natijasida raqamli infratuzilmaning unumdorligi oshib, barqaror va uzluksiz ishlashi ta’minlanadi. Elektron davlat xizmatlari hajmi va tizimlararo ma’lumot almashinuvi muntazam ortib borayotgan bir sharoitda bu juda muhim.

eGov 3.0 portalining yangi talqini ishga tushirildi

QazTech yagona platformasida yaratilgan va modernizatsiya qilingan eGov 3.0 portalining ishga tushirilishi muhim voqealardan bo‘ldi. Bu yangilanish natijasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayoni yanada yaxshilandi: ortiqcha talablardan voz kechildi, infratuzilmaga yuklama kamaydi.

Bungacha eGov portali texnologik imkoniyatlarining chegarasida ishlardi. Yangi portalda xizmatlar foydalanuvchilar uchun maksimal darajada soddalashtirilgan: ortiqcha talab va bosqichlar chiqarib tashlanyapti. Talab eng katta ayrim xizmatlar butunlay yangi formatda taqdim etilyapti.

Qozoqcha sun’iy intellekt

Raqamlashtirishning yana bir muhim yo‘nalishi — sun’iy intellekt asosidagi yechimlar. 2026 yil aprelida ishga tushirilgan eGov GPT tizimi bunga yaqqol misoldir. Tabiiy tildagi so‘rovlarga javob berishga o‘rgatilgan bu intellektual yordamchi fuqarolarga davlat xizmatlari bo‘yicha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi.

Hozirda eGov GPT orqali 50 ta davlat xizmati taqdim etilmoqda, fuqarolar ushbu yordamchidan 150 ming martadan ziyod foydalangan. Unga mahalliy alem LLM til modeli asos bo‘lgan, hisoblash jarayonlari esa alem.cloud superkompyuterida bajarilmoqda.

Kelgusida eGov GPTni milliy Aitu ekotizimiga birlashtirish ko‘zda tutilgan. Shu yilning oxirigacha tizim qamrovini umumiy trafikning 70 foiziga yetkazish maqsad qilingan.

Qozog‘istonda sun’iy intellekt xizmatlarini rivojlantirishda yagona tizimni yo‘lga qo‘yishga intilinmoqda. Ya’ni alohida idoralarning eGov GPT bilan bog‘lanmagan o‘z sun’iy intellekt agentlarini yaratishi va joriy etishidan voz kechish tavsiya etilmoqda. Bunday yondashuv tarqoq va bir-biriga mos kelmaydigan dasturlar paydo bo‘lishining oldini oladi hamda davlat xizmatlarini yagona aqlli muhitda jamlashga xizmat qiladi.

Tadbirkorlik va ijtimoiy soha: Qog‘ozbozlikka yo‘l qo‘yilmaydi

Qozog‘istonda davlat xizmatlarini raqamlashtirish — bu shunchaki ma’lumotnoma va arizalarni onlayn shaklga o‘tkazish degani emas. Raqamli yechimlar davlatning fuqarolar hamda tadbirkorlar bilan munosabatlaridagi deyarli barcha asosiy sohalarni qamrab oldi. Tadbirkorlikni ro‘yxatdan o‘tkazish, ruxsatnomalar olish, ijtimoiy to‘lovlar, ta’lim, sog‘liqni saqlash va kundalik hayot uchun zarur bo‘lgan boshqa xizmatlar shular jumlasidandir.

Qozog‘istonda tadbirkorlar uchun raqamlashtirish — bu avvalo ma’muriy yugur-yugurlar va davlat idoralari bilan bog‘liq ishlarda vaqtni tejash demakdir. Endilikda biznes vakillari o‘z faoliyatini masofadan ro‘yxatdan o‘tkazishi, soliq hamda statistika hisobotlarini topshirishi, litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirishi, shuningdek, davlat ko‘magidan bahramand bo‘lishi mumkin. Idoralararo ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgani bois davlat tizimlari zarur ma’lumotlarni mustaqil ola biladi. Bu esa tadbirkordan ayrim hujjatlarni qayta-qayta talab qilishdek ortiqcha vazifaga chek qo‘yadi.

Ijtimoiy sohani raqamlashtirish — alohida mavzu. Ijtimoiy to‘lovlar, nafaqalar, pensiya ta’minoti hamda muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga oid xizmatlar tobora elektron shaklga o‘tkazilmoqda. Bu davlat idoralariga ortiqcha borib-kelishlardan xalos etibgina qolmay, xizmatlarni oldindan (proaktiv) ko‘rsatish tizimiga izchil o‘tishga yo‘l ochmoqda. Endilikda tizim fuqaroning muayyan yordamni olish huquqini mustaqil aniqlaydi va undan foydalanishni taklif etadi.

Raqamlashtirish jarayonlari fuqarolarning kundalik hayotidagi masalalarni ham qamrab olmoqda. Transport, mol-mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish, yer munosabatlari, hujjatlarni rasmiylashtirish, xavfsizlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim va kommunal sohaga oid xizmatlar elektron shaklga o‘tkazildi. Natijada davlat xizmatlari asta-sekin yagona virtual makon atrofida birlashmoqda.

Shu tariqa, raqamlashtirish davlat, fuqaro va tadbirkor o‘rtasidagi munosabatlar tizimini asta-sekin yangi bosqichga olib chiqmoqda. Ilgari asosiy e’tibor davlat xizmatlarini onlayn yo‘lga qo‘yishga qaratilgan bo‘lsa, bugun ularni birlashtirish, avtomatlashtirish va foydalanuvchi ehtiyojlariga moslash ustuvor vazifaga aylandi. Kelgusida bu o‘zgarishlar qog‘ozbozlikni kamaytirish, xizmatlarni yanada tezlashtirish va tarqoq elektron xizmatlardan yagona raqamli ekotizimga o‘tishga xizmat qiladi.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр