Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi vakili Xitoyning Shanxay shahrida boʻlib oʻtgan nufuzli xalqaro anjumanda ishtirok etdi. Tadbirda dunyoning turli burchaklaridan kelgan mutaxassislar raqamli maʼlumotlarni boshqarish va ulardan foydalanishning dolzarb masalalarini muhokama qilishdi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi – mamlakatlarga maʼlumotlardan toʻgʻri va samarali foydalanishga yordam berish, bu boradagi bilim va koʻnikmalarni oshirish hamda maʼlumotlarni boshqarish boʻyicha yangi usullarni joriy etishda duch kelinadigan muammolarni birgalikda hal qilishdan iborat. Ayniqsa, Afrika va Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi mamlakatlarga bu borada koʻmak berishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Anjumanda BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti (UN DESA)ning iqtisodiy rivojlanish boʻyicha bosh kotib yordamchisi Navid Hanif hamda Davlat institutlari va raqamli hukumat boʻlimi (DPIDG) boshligʻi Vinchenzo Akuaro kabi yetakchi mutaxassislarning maʼruzalari koʻpchilikda katta qiziqish uygʻotdi.
Tadbir davomida boʻlib oʻtgan davra suhbatlarida markaz vakili mamlakatimizda raqamli hukumat sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berib, boshqa mamlakatlar bilan tajriba almashish imkoniyatiga ega boʻldi.