“Yashil makon” – mamlakatimizni yashil va ekologik barqaror hududga aylantirishga qaratilgan dolzarb loyihadir. Shu kunlarda yurtimiz boʻylab ushbu tashabbusning kuzgi mavsumi davom etmoqda.
Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi xodimlari jamoasi bu mavsumda 7000 tup koʻchat ekish barobarida, ushbu loyiha doirasida barcha sohalarga ilgʻor raqamli texnologiyalarni jalb qilish, energiya samaradorligiga erishish, atrof-muhit ifloslanishini bartaraf etish va hayot sifatini yaxshilash, turli qulayliklar yaratish ishlarida faol ishtirok etmoqda.
Markaz ekologik muammolarni hal etish uchun raqamli texnologiyalarni qoʻllash va yashil maydonga boʻlgan ishtiyoqni kuchaytirishda boshqa tashkilotlar va aholi bilan doimiy hamkorlik qilib keladi.
Bu borada quyidagilarni alohida eʼtirof etish mumkin:
Barqaror energiya uchun innovatsion yechimlar: mazkur yoʻnalishda mutaxassislar energiya sarfini muvofiqlashtiradigan va uglerod chiqindilarini kamaytiradigan yangi raqamli energiya boshqaruv tizimlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy qiladi. Shuningdek, aholini barqaror va ekologik toza elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun quyosh hamda shamol energiyasi kabi muqobil va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish tajribalarini yoʻlga qoʻyadi.
Monitoring va boshqarish uchun raqamli platformalar: soha xodimlari tomonidan havo sifati, shovqin darajasi va suv ifloslanishi kabi atrof-muhit koʻrsatkichlarini doimiy monitoringini taʼminlovchi innovatsion raqamli platformalar ishlab chiqiladi. Bu har qanday muammolarga tezkor javob berish va ularni hal qilish choralarini koʻrish imkonini beradi.
Aqlli shaharlarni rivojlantirish: endi mutaxassislar turli resurslardan foydalanishni optimallashtirish, transport infratuzilmasini yaxshilash va aholiga qulay muhit yaratish maqsadida raqamli texnologiyalarning integratsiyalashgan aqlli shahar tizimlarini barpo etish ustida ishlamoqda. Bunga aqlli binolarni boshqarish tizimlari, transportni samarali rejalashtirish va elektr mobillik infratuzilmasini rivojlantirishlar kiradi.
Taʼlim va xabardorlik: mamlakat barqaror rivojlanishga erishishida taʼlim va xabardorlikni oshirishning oʻrni ham muhim. Shu bois soha xodimlari iqlim oʻzgarishi, ekologik masʼuliyat va yashillikni yaratishda raqamlashtirish imkoniyatlari toʻgʻrisida jamoatchilik xabardorligini oshirish uchun turli tadbirlar tashkil etadi va ularda faol qatnashadi.
Barchamizga maʼlumki, faqat birgalikdagi saʼy-harakatlar va innovatsion yondashuvlargina ekologiya sohasida haqiqiy oʻzgarishlarga olib kelishi mumkin. Shu bois, barqaror va yashil mamlakat yaratish yoʻlida hamma birlashishi, islohotlar sobitqadamlik bilan davom ettirilishi darkor.
Zero, kelajak avlodlarga bizdan har tomonlama rivojlangan goʻzal yurt qolsin!