O'zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi banneri
Raqamli hukumat qurishdagi eng katta xato: AQSh tajribasidan qanday saboq chiqarish mumkin?

Raqamli hukumat qurishdagi eng katta xato: AQSh tajribasidan qanday saboq chiqarish mumkin?

24 iyul 2026

Raqamli texnologiyalar davlat boshqaruvini modernizatsiya qilishning muhim vositasiga aylandi. Biroq ko‘plab mamlakatlar hali-hanuz eski muammolarni bartaraf etish bilan ovora.

Yangi raqamli xizmatlar, platformalar va sun’iy intellektli yechimlar jadal joriy etilayotgan bo‘lsa-da, ularning samarasi davlat axborot tizimlarining qay darajada yaxlitligi va o‘zaro integratsiyalashganiga bog‘liq. Turli idoralar tomonidan alohida yaratilgan axborot tizimlari, bir-biriga mos kelmaydigan ma’lumotlar bazalari hamda tarqoq yondashuv raqamli transformatsiya imkoniyatlarini cheklamoqda.

Adobe kompaniyasining davlat sektori bo‘yicha global strategiya va innovatsiyalar rahbari Brayan Chaydester Forbes nashrida e’lon qilingan maqolasida aynan shu muammoni tahlil qiladi. Muallif AQSh shtatlari misolida raqamli davlat boshqaruvidagi tizimli kamchiliklar, ularning fuqarolarga ta’siri hamda sun’iy intellekt davrida nega yagona raqamli platformalar strategik ahamiyat kasb etayotganini tushuntiradi.

AQShda biror-bir qonun talabiga o‘zgartirish kiritilsa yoki yangi me’yor qabul qilinsa, shtat darajasidagi davlat idoralari ko‘pincha navbatdagi pudratchi bilan shartnoma tuzadi. Masalan, raqamli xizmatlardan barcha teng foydalanishini ta’minlash bo‘yicha yangi talab paydo bo‘lsa, alohida dasturiy yechim joriy etiladi. Axborot xavfsizligini kuchaytirish zarurati tug‘ilganda esa, yana bir qo‘shimcha tizim integratsiya qilinadi. Budjetdagi o‘zgarishlar esa ustuvor vazifalarni qayta ko‘rib chiqishni taqozo etadi. Oqibatda IT jamoalari ishni yana boshdan boshlashga majbur bo‘ladi.

Bunday yondashuv muammolarni tizimli hal etishdan ko‘ra, ularning oqibatlari bilan kurashishni eslatadi. Oqibatda davlat mablag‘lari ham, fuqarolarning ishonchi ham xavf ostida qoladi.

Buning salbiy asoratlari yaqqol ko‘rinadi. Har bir yangi, tor doiradagi yechim yana bir pudratchi bilan hamkorlik qilish, qo‘shimcha integratsiyani qo‘llab-quvvatlash va yillar davomida yig‘iladigan texnik qarzni yanada oshirishni anglatadi. Shtat darajasidagi davlat idoralari ko‘pincha bir vaqtning o‘zida 12 ta yoki undan ortiq tashqi ijrochi bilan ishlashga majbur. Mazkur tizimlarning barqaror ishlashini ta’minlash uchun IT jamoalari asosiy vaqt hamda resurslarini sarflamoqda.

Holbuki, ushbu imkoniyatlarni davlat xizmatlari sifatini oshirishga yo‘naltirish mumkin edi.

Muammo davlat tashkilotlaridagi IT jamoalarida malaka yoki tashabbus yetishmasligida emas. Aksincha, kamchilik ular faoliyat yuritayotgan tizimning o‘zi samarasiz tashkil etilganida.

Qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarish

Bunday holat, ayniqsa, raqamli xizmatlardan barcha teng foydalana olishini ta’minlashda yaqqol namoyon bo‘ladi. 2026 yilda davlat idoralari elektron foydalanish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan yechimlarga katta sarmoya kiritdi. Natijada fuqarolarning ushbu platformalardan mustaqil foydalanish imkoniyatlari sezilarli darajada yaxshilandi. Biroq ayni paytda davlat veb-saytlarining ishlash tezligi pasaydi. Buning asosiy sababi qulaylik yaratuvchi qo‘shimcha dasturlar va uchinchi tomon ilovalari mavjud infratuzilmaga keyinchalik ulanganida — ular tizim arxitekturasiga boshidanoq singdirilmagan.

Bir muammo hal etildi, ammo o‘rnida boshqasi paydo bo‘ldi.

Niyat yaxshi, ammo tizim yo‘q

Bunday muammo faqat elektron xizmatlardan foydalanish imkoniyati bilan cheklanmaydi. Xuddi shunday holat hujjatlarni raqamlashtirish jarayonida ham kuzatilmoqda. Adobe kompaniyasi tayyorlagan 2026 yilgi Digital Government Index ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh aholisi har yili davlat idoralari uchun turli anketa va shakllarni to‘ldirishga 10,5 milliard soatdan ortiq vaqt sarflaydi. Shunga qaramay, hozirgacha mamlakatning birorta shtati markaziy portal orqali hujjatlarni to‘liq elektron tarzda rasmiylashtirish imkoniyatini yarata olmagan.

Ko‘plab davlat xizmatlaridan foydalanish uchun fuqarolar hali ham PDF hujjatlarni to‘ldirishga, qog‘oz hujjatlar bilan ishlashga yoki davlat idorasiga shaxsan borishga majbur. Buning asosiy sababi raqamli infratuzilmaning yaxlit emasligida. U yillar davomida turli ta’minotchilarning o‘zaro mos kelmaydigan yechimlari asosida shakllangan. Shuning uchun ham tizim yagona mexanizm sifatida barqaror va samarali ishlamaydi.

Bunday holat davlat boshqaruvidagi raqamli transformatsiya strategiyalarining asosiy ziddiyatini ochib beradi. Davlat idoralari ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga katta mablag‘ sarflayotgan bo‘lsa-da, fuqarolar elektron xizmatlardan amalda qanday foydalanayotgani hamda ularning tajribasi to‘g‘risida yetarli axborotga ega emas. Tizimning mavjudligi hali muvaffaqiyat degani emas, balki uning samarali ishlashi muhimroqdir. Afsuski, ko‘p hollarda xizmatlar sifati va foydalanuvchi tajribasini aks ettiruvchi mezonlar emas, balki hisoblash oson bo‘lgan oddiy raqamlar baholash ko‘rsatkichiga aylanmoqda.

Muammoning ildizi qayerda?

Davlat xizmatlari hali-hanuz turli idoralar o‘rtasida tarqoq holda qolmoqda. Ma’lumotlar bilan ishlash standartlari bir-biridan keskin farq qiladi. Fuqarolarning ushbu tizimlardan foydalanish tajribasini xolis baholashga xizmat qiladigan qayta aloqa mexanizmlari esa ko‘p hollarda umuman yo‘q. Aslida, bu texnologik omil emas. Kamchilikning bosh sababi — davlat boshqaruvi noto‘g‘ri tashkil etilganida.

Tizimning nuqsonlari fuqarolar hayotida aks etmoqda

Agar gap faqat axborot texnologiyalari bo‘linmalarining ichki muammosi haqida bo‘lganida, unga toqat qilish mumkin edi. Ammo vaziyat ancha jiddiy.

Accenture ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili raqamli davlat xizmatlaridan foydalangan amerikaliklarning qariyb yarmi davlatning onlayn platformalarida jiddiy qiyinchiliklarga duch kelgan. Shuning o‘ziyoq tizimni tashkil etish va xizmat ko‘rsatish jarayoni tub islohotlarga muhtoj ekanini ko‘rsatadi.

Davlatning raqamli servislarini tijorat onlayn platformalari bilan qiyoslash noto‘g‘ri. Chunki fuqaro ularning sifatidan ko‘ngli to‘lmasa, shunchaki boshqa muqobil variantni tanlay olmaydi. Ijtimoiy to‘lovlar, ruxsatnomalar, litsenziyalar va boshqa muhim davlat xizmatlari aynan shu tizimlar orqali ko‘rsatiladi. Shu sababli fuqarolarda boshqa tanlov imkoniyati deyarli yo‘q.

Mummo axborot yo‘qligida emas

American Public Human Services Association hisob-kitoblariga ko‘ra, har yili sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya uchun ajratilgan qariyb 30 milliard dollarlik imtiyozli to‘lovlar o‘z egalariga yetib bormaydi. Bunday holat fuqarolarning mazkur ko‘maklardan bexabarligi sababli yuzaga kelayotgani yo‘q. Asosiy to‘siq shundaki, mablag‘larni olish texnik jarayoni haddan tashqari murakkab bo‘lib, ko‘pchilik barcha bosqichlarni oxirigacha bosib o‘ta olmaydi.

Demak, kamchilik axborot yetishmasligida emas. Masalaning asl mohiyati davlat xizmatlari va elektron tizimlar qanday loyihalashtirilganida.

Sun’iy intellekt maydonga chiqmoqda

Davlatning raqamli xizmatlari shunchaki axborot berish bosqichidan amaliy ko‘mak ko‘rsatish jarayoniga o‘tishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Digital Government Index (DGI) ma’lumotlariga ko‘ra, shtatlar darajasidagi davlat idoralarining o‘ntasidan to‘qqiztasida tegishli kataloglar va qidiruv funksiyalari mavjud. Biroq ularning uchdan ikki qismidan kamrog‘i foydalanuvchini autentifikatsiya qilish hamda tizimga uni «tanish» imkonini beradigan shaxsiylashtirilgan platformalarni taklif etadi. Sun’iy intellekt asosidagi qo‘llab-quvvatlash tizimlari esa atigi har to‘rtinchi tashkilotda joriy etilgan.

Boshqacha aytganda, fuqaroga xizmat haqida axborot beruvchi raqamli muhit yaratilgan. Ammo uning xizmatlardan oson, to‘liq va ortiqcha to‘siqlarsiz foydalanishini ta’minlaydigan tizimli infratuzilma hali shakllanmagan.

Platforma tanlovi — sun’iy intellekt kelajagini belgilaydi

Ko‘p yillar davomida muayyan vazifalar uchun ishlab chiqilgan alohida yechimlar o‘rniga yagona integratsiyalashgan platformalarni tanlashning asosiy afzalligi xarajatlarni kamaytirish hamda ish unumdorligini oshirish bilan izohlab kelingan. Bunday fikr hali-hanuz o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Adobe kompaniyasi hisobotiga ko‘ra, mujassamlashtirilgan tizimlardan foydalanuvchi tashkilotlarda loyihaning umumiy tannarxi ancha pastroq bo‘ladi, yangi raqamli xizmatlarni joriy etish jarayoni esa tezroq kechadi.

Biroq bugun mazkur masalaga yana bir muhim omil qo‘shildi. Endi tizimni tanlashda faqat xarajat va unumdorlik emas, balki sun’iy intellektni muvaffaqiyatli tatbiq etish imkoniyati ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Shu sababli yagona platformaga tayanish har qachongidan ham dolzarbroqdir.

Ma’lumotlar tartibli saqlanadigan, mushtarak qoidalar asosida boshqariladigan va doimiy yangilanib boradigan muhitda sun’iy intellekt yechimlarini keng joriy etish ancha oson. Aksincha, axborotlar tarqoq tizimlarga sochilib ketgan, chala yoki har xil me’yorlar negizida boshqariladigan sharoitda zamonaviy texnologiyalar kutilgan natijani bermaydi. Shu bois raqamli infratuzilmaning yaxlitligi endi nafaqat samaradorlik, balki sun’iy intellekt imkoniyatlarini to‘liq ishga solishning ham asosiy shartiga aylanmoqda.

Adobe kompaniyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, hozir AQShning barcha shtatlari sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘rganmoqda yoki amaliyotga tatbiq etmoqda. 2025 yil oxirida bir qator hududlarda amalga oshirilgan mazkur loyihalar ijobiy natija bergani ham e’tirof etildi. Biroq bunday tizimlarning ishonchli va barqaror ishlashi uchun mustahkam ma’lumotlar infratuzilmasi zarur. Buning uchun yagona metama’lumotlar tizimi, axborotni boshqarishning aniq qoidalari, yuqori ishlash tezligi hamda uyg‘un kontent nazorati talab etiladi. Tarqoq va alohida yechimlarga tayangan arxitekturalar bunday talablarni ta’minlay olmaydi.

Oddiy qilib aytganda, axborot tizimlari parchalangan davlat zamonaviy texnologiya imkoniyatlaridan to‘liq foydalana olmaydi. Shu sababli raqamli infratuzilmani yaxlitlash va sun’iy intellektni joriy etishni ikki alohida vazifa sifatida ko‘rish noto‘g‘ri. Aksincha, dastlabki qadam keyingi bosqich muvaffaqiyati uchun zarur poydevor vazifasini bajaradi.

Strategik raqamli hukumat qanday bo‘ladi?

Ko‘p yillar davomida raqamli davlat xizmatlarini sifatli ko‘rsatib kelayotgan shtatlarning muvaffaqiyati muayyan texnologiyalarni boshqalardan avval joriy etganida emas. Ular uzoq vaqt davomida yaxlit texnologik poydevorni bosqichma-bosqich shakllantirib keldi.Mazkur infratuzilma foydalanuvchilarni yagona autentifikatsiya qilish tizimi (Single Sign-On), markazlashgan kontent boshqaruvi platformasi va standartlashtirilgan ish jarayonlarini o‘z ichiga oladi. Eng muhimi, zarur imkoniyatlar va normativ talablarga muvofiqlik keyinchalik qo‘shiladigan modul emas, balki tizim arxitekturasining boshidanoq ajralmas qismi sifatida yaratiladi.

Bunday shtatlar raqamli hukumatni alohida yechimlar yig‘indisi emas, balki yagona platformali tizim deb biladi. Shu sababli uni yaxlit arxitektura asosida loyihalashtiradi, rivojlantiradi va boshqaradi.Zamonaviy davlat boshqaruvi mushtarak raqamli asosga tayanadi. Tarqoq axborot tizimlari va bir-biridan ajralgan ma’lumotlar bazalari innovatsiyalarni muayyan idoralar doirasida cheklab qo‘yadi. Bu esa yangi yechimlarni butun boshqaruv tizimi bo‘ylab keng tatbiq etishni qiyinlashtiradi hamda xarajatlarni oshiradi.Eng samarali davlat tashkilotlari tajribasi mutlaqo boshqacha yondashuvni ko‘rsatadi. Ular o‘zaro mos platformalar, umumiy raqamli servislar va qayta foydalanish mumkin bo‘lgan dasturiy komponentlarga sarmoya kiritadi. Bunday omil har bir yangi vazifa uchun bir xil vositalarni qayta ishlab chiqish o‘rniga, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish imkoniyatini beradi. Oqibatda har bir navbatdagi innovatsiya avvalgisining samarasini yanada oshiradi.

Bu kelajak haqidagi quruq bayonot yoki raqamli davlat to‘g‘risidagi mavhum tasavvur emas. Bu — bugunning o‘zida eng samarali raqamli tizimlar qanday ishlayotganining amaliy misolidir.

Bugun ko‘plab davlat idoralari qo‘llayotgan yondashuvni to‘laqonli texnologik strategiya deb atash qiyin. Aksincha, u yaxlit siyosat mavjud emasligini ko‘rsatadi. Sun’iy intellekt ma’lumotlar va kontentning sifatiga tobora yuqori talablar qo‘ymoqda. Shunday ekan, tarqoq tizimlardan foydalanishda davom etish davlat uchun juda qimmatga tushadi.

Kelgusi o‘n yillikda eng yangi yoki ommalashgan texnologiyani boshqalardan avval joriy etgan hukumatlar raqamli transformatsiya yetakchilariga aylanadi, deb o‘ylasangiz adashasiz. Marra — eski tizimlarni tinmay «yamash»ni bas qilib, davlat boshqaruvining yaxlit raqamli arxitekturasini barpo etishga bel bog‘laganlarniki.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр