“Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasidagi ishlar muhokama qilindi

“Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasidagi ishlar muhokama qilindi

25 iyul 2025

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasining 2025-yilga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Raqamli texnologiyalar vazirligining axboroti eshitildi.

Ta’kidlanganidek, strategiya doirasida tizimli va bosqichma-bosqich ishlar olib borilmoqda. 2025-yilning yanvar–may oylarida aloqa va axborotlashtirish xizmatlari hajmi 123,5 foizga oshgan. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasida o‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolar soni 100 ming nafardan oshgan bo‘lib, bu sohaga bo‘lgan qiziqish va ishtirok ortayotganini ko‘rsatmoqda. IT va masofaviy xizmatlar eksporti 90 dan ortiq mamlakatni qamrab olgan.

Shuningdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 2025-yilda 54 ta yangi elektron xizmatlar joriy etilib, ularning umumiy soni 761 taga yetdi.

Yig‘ilishda sun’iy intellekt texnologiyalarining O‘zbekistondagi rivojiga ham to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, sog‘liqni saqlash sohasi uchun sun’iy intellektga asoslangan 1 million dollarlik zamonaviy GPU klaster server qurilmalari xarid qilingan. Toshkent metropolitenida esa kaft orqali to‘lov tizimi — “MyID Palm” joriy etilgan.

Strategiya doirasida umumiy hisobda 100 dan ortiq loyiha amalga oshirilgan.

Deputatlar tomonidan strategiyada belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish yuzasidan tavsiyalar berildi va bu borada Raqamli texnologiyalar vazirligiga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilishi ta’kidlandi.

Eshituv yakunida tegishli qaror qabul qilindi.
 

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр