Raqamli Shvetsiya: qirollari «kambag‘al», xalqi boy mamlakat

Raqamli Shvetsiya: qirollari «kambag‘al», xalqi boy mamlakat

12 oktyabr 2022

«Biz sayyoramizdagi eng yaxshi raqamli millatga aylanamiz. Bu Shvetsiya uchun mumkin va shart bo‘lgan yagona yo‘l. Bu mening vazifam». Uy-joy va raqamlashtirish vaziri Peter Eriksson 2016 yil 25 mayida lavozimiga kirishayotganida so‘zlagan nutqdan.

Hikoyamiz «Ijtimoiy adolat davlati» modelini kengaytirib, «Barcha uchun axborot jamiyati»ni qurishni tezlashtirgan Shvetsiya haqida. «Barcha uchun axborot jamiyati» strategiyasining megatrendi — 2025 yilga borib har bir shved uchun internet tezligini 1 Gbit/soniyaga yetkazish.

Ma’lumot uchun: yaqinda e’lon qilingan BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish indeksi (E-Government Development Index, EGDI — UN E-Government Survey 2022)da Shvetsiya 5-o‘rinni egalladi.

Sotsializm o‘rnatilgan qirollik

«Ericsson vataniga xush kelibsiz!» — Stokgolm aeroportiga kelib qo‘ngan samolyotdan tushayotgan mehmonlarning qulog‘iga birinchi bo‘lib chalinadigan kalom. Xalqi va hukumatining jipsligi, iste’dodi va donoligi bir bo‘lib, muvaffaqiyatli va barqaror high-end (eng yuqori rivojlangan) iqtisodiyot qurgan raqamli millatning xitobi bu. Faxrlanishga arziydi!

Jahon hamjamiyati nigohida bugungi Shvetsiya:

  • Skandinaviya xalqlari orasida to‘ng‘ichi — aholisi soni (10,35 mln.) va hududining kattaligi (447 435 kv.km.) bo‘yicha; mintaqaning yetti mamlakati (Shvetsiya, Daniya,  Norvegiya,  Finlyandiya, Estoniya, Latviya, Litva) umumiy YaIMdagi ulushi (36 foiz) hamda bu mamlakatlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar bo‘yicha (deyarli 50 foiz).
  • Yevropadagi eng kuchli iqtisodiyotlardan biri: global raqobatbardoshlik reytingi (IMD World Competitiveness Index 2021)da jahonda 2-o‘rinda.
  • Sayyoramizdagi eng farovon mamlakat (Good Country Index 2020).

Bu e’tiroflarga Shvetsiya hukumati o‘z xalqining turmush tarziga qo‘shgan hissasi (aholisining farovonligi va va sog‘liqni saqlashda erishgan natijalari), teng huquqlilikni ta’minlash va madaniyatni rivojlantirishdagi xizmatlari orqali erishdi.

Bir qarashda davlat qurilishining g‘irt ters shakllari — kapitalizm va sotsializmni o‘zida mujassam etgan «Sotsializmning shved modeli» o‘tgan asrning 60-yillarida paydo bo‘ldi. Va dunyodagi eng adolatli va muvaffaqiyatli tizimlardan biriga aylandi. Uning asosiy ustunlari: davlat — fuqarolar oldida javobgar; davlat organlari — aholi nazorati ostida; jamiyatning barcha qatlamlari tizim tomonidan to‘liq qamrab olingan; «o‘rta sinf»ga tayaniladi; barcha ne’matlarni davlat taqsimlaydi.

Dunyodagi eng ko‘p soliq to‘lovchi xalq shvedlar — YaIMning 60 foizini soliqlar tashkil qiladi! Biroq aholi jon boshiga daromad (50 ming AQSh dollari) borasida ham Shvetsiya oldingi o‘rinlarda. Mamlakatdagi eng kam ish haqi esa AQShdagidan ikki baravar yuqori!

Hammasi oddiy — soliqlar va davlat xarajatlari progressiv taqsimlanadi. O‘ta yuqori soliqlar o‘ta yuqori davlat xarajatlarini qoplaydi. Evaziga fuqarolar sifatli va bepul tibbiyot va ta’lim, bola va uy-joy uchun ko‘plab subsidiyalar bilan ta’minlanadi, dunyodagi eng xavfsiz va zamonaviy shaharlarda yashaydi.

«Shved mo‘’jizasi»ning sirlaridan biri vikinglarga borib taqaladi. Azaldan tenglik va adolat ular uchun qonunga teng bo‘lgan, «katta boylik»ni xushlashmagan, soliq to‘lamagan boylardan nafratlanishgan.

Dunyoga mashhur shved brendi — IKEA asoschisi umrining oxirigacha eski «Volvo»sida yurdi. Hatto shved qiroli ham «Porshe», «Bentli», «Rolls-roys»larni garajida qoldirib, ko‘pincha «Volvo»da sayr qiladi.

«Kambag‘al» qirollar

Yevropadagi eng «kambag‘al» qirollar oilasi Shvetsiyada yashaydi. Qirol oilasini boqish uchun har bir fuqaro yiliga yarim yevrodan to‘laydi, jami 12 mln yevro bo‘ladi. Solishtirish uchun: qirol oilasining yillik xarajatlari yiliga Buyuk Britaniyada — 47 mln yevro, Niderlandiyada — 40 mln yevro, Norvegiyada — 28 mln yevro.

Nega ko‘pchilik Shvetsiyaga intiladi? Sabablar ko‘p...

Birinchidan, Shvetsiya global iqtisodiy inqirozdan tez chiqa olgan kamdan-kam davlatlardan biri. 2016 yilda mamlakat aholi jon boshiga daromad bo‘yicha Yevropada 7-o‘rinni, jahonda 17-o‘rinni band etdi.

Ikkinchidan, Shvetsiya jahondagi eng innovatsion mamlakatlardan biri. Ericsson telekommunikatsiyalar korporatsiyasi yiliga minglab ixtirolari uchun patent oladi. Shved sotsialistik jamiyati tadqiqotlar va ishlanmalarni yaxshi rag‘batlantiradi. Ilm-fan uchun xarajatlar hech qachon YaIMning 3,2 foizidan pastga tushmaydi.

Hayotimizning ajralmas qismiga aylangan juda ko‘p narsalarni shvedlar o‘ylab topishgan: Selsiy harorat shkalasi, astronomiya linzalari, dinamit (va Nobel mukofoti), gugurt, kemani harakatlantiruvchi vintlar, universal kalitlar, qadaluvchi molniya, sut sog‘ish apparati va separator, «Tetra pak» qadoqlari, avtombillardagi xavfsizlik kamarlari, bolalar kreslolari, portativ kardiostimulyator, EKG, VICh-treker, miya boshqaradigan protez qo‘llar, singan suyaklar uchun yelim...

Bular orasida Lars Magnus Erikssonning telefoni alohida o‘ringa, keyin kompyuter sichqonchasi prototipi, Skype, dengiz navigatsiyasi tizimi — AIS va boshqalar paydo bo‘ldi.

Uchinchidan, Shvetsiya YeIdagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari taraqqiyoti bo‘yicha yetakchi mamlakatlardan biri. Yevrokomissiyaning axborot jamiyati rivojlanishini monitoring qiluvchi indeksi (Digital  Economy  and  Society  Index  (DESI)ga ko‘ra, Shvetsiya uchinchi o‘rinda.

2016 yilda Shvetsiyada internetga 30  Mbit/soniyadan kam bo‘lmagan tezlikda keng polosali simli va mobil ulanish shaharlarda 99 foiz, qishloqlarda 95 foizga yetkazilgandi. Mamlakatning murakkab tabiiy landshafti nuqtai nazaridan bu — yuqori ko‘rsatkich. Shunga qaramay, 2025 yilga borib 98 foiz aholini 1 Gbit/s tezlikdagi internet bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Qolgan 1,9 foiz aholi 100  Mbit/s, 0,1 foiz aholi 30  Mbit/s internetdan foydalanadi.

2017 yildagi statistikaga ko‘ra, har bir shved oilasiga o‘rtacha 2,5 tadan kompyuter va bittadan ziyod planshet to‘g‘ri kelgan, har 10 kishining 8 nafari smartfon, deyarli barcha mobil telefon (98 foiz) ishlatgan.

Bugungi kunda Shvetsiya aholisining 75 foizi yangi iqtisodiy sharoitlarda to‘laqonli ishlash imkonini beruvchi asosiy raqamli ko‘nikmalarga ega. Shularning qariyb yarmi — IT-professionallar. Hatto shu ham kamlik qilyapti, mamlakatda axborot texnologiyalari mutaxassislariga bo‘lgan talab — taklifdan yuqori.

Shvetsiyada internetdan foydalanuvchilar tobora faollashmoqda: eng ommalashgan yo‘nalishlar: onlayn yangiliklar (83 foiz), internet-xaridlar (78 foiz), ijtimoiy tarmoqlar (69 foiz), filmlar va o‘yinlar (57 foiz), videoaloqa (43 foiz). Bular ikki-uch yil oldingi ma’lumotlar.

(Davomi bor)

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр