Raqamli texnologiyalar vazirligi tashkil etilmoqda

Raqamli texnologiyalar vazirligi tashkil etilmoqda

24 dekabr 2022

Prezidentning «Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni va uning ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha qarori imzolandi.

Unda so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonni barpo etishning muhim sharti hisoblangan samarali faoliyat yurituvchi boshqaruv tizimini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ma’muriy islohotlar amalga oshirilgani qayd etildi.

Jumladan, davlat organlarining sohaga oid bo‘lmagan vazifalarini qisqartirish va faoliyatiga  raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali ularning tuzilmasi o‘rtacha 15 foizga maqbullashtirildi, shuningdek, 26 ta davlat organlari va tashkilotlarida 40 ta rahbar o‘rinbosarlari lavozimlari qisqartirildi.

Davlat organlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish hisobidan byurokratik to‘siqlarni qisqartirish va aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yaxshilash maqsadida 30 ga yaqin turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi, 70 dan ziyod davlat xizmatlari soddalashtirildi, davlat tashkilotlari tomonidan 60 dan ortiq hujjatlarni talab qilish bekor qilindi.

«Elektron hukumat» tizimining foydalanuvchilari soni 4 milliondan oshib, u orqali davlat idoralarining 130 dan ortiq axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatlari yaratildi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida qariyb 350 turdagi xizmatlar onlayn shaklda ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.

Farmonga ko‘ra, 2023-yil 1-yanvardan boshlab hukumatga bo‘ysunadigan ijro organlari soni 61 tadan 28 taga qisqartirilmoqda. Bunda, 20 ta idora to‘liq tugatilmoqda.

Shuningdek, barcha vazirliklarning shtatlari 30 foizgacha qisqartiriladi.

Ilg‘or xorijiy tajribalar asosida davlat boshqaruvi idoralari faqat vazirlik, qo‘mita, agentlik va inspeksiyadan iborat bo‘ladi. Bunda, vazirlik tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirishga mas’ul bo‘lib, tarmoqqa kiruvchi qo‘mita, agentlik va inspeksiyalarga rahbarlik qiladi.

Shuningdek, mavjud 25 ta vazirlik o‘rniga 21 ta vazirlik tashkil etiladi. Jumladan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi – negizida Raqamli texnologiyalar vazirligi tashkil etilmoqda.

Farmonning to‘liq matni bilan bu yerda tanishish mumkin.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр