Zamonaviy dunyoda axborot texnologiyalari jadal rivojlanib, hayotimizning barcha jabhalariga kirib bormoqda. Davlat boshqaruvi ham bundan mustasno emas. O‘zbekistonda raqamli hukumatni shakllantirish, davlat xizmatlarini elektronlashtirish va aholiga qulayliklar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda statistik ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va tahlil qilish jarayonlari ham raqamlashtirilmoqda. Statistika agentligi bu borada qanday ishlarni amalga oshirmoqda? Raqamli texnologiyalar sohadagi jarayonlarni qanday o‘zgartirmoqda? Ma’lumotlar xavfsizligi va maxfiyligi qanday ta’minlanmoqda?
Shu va boshqa savollarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori o‘rinbosari Zohidjon Ziyayev bilan bo‘lib o‘tgan intervyumizda javob topishingiz mumkin.
Zohidjon Ziyayevning ta’kidlashicha, raqamli texnologiyalar joriy etilishi orqali statistik ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va tahlil qilish jarayonlari sezilarli darajada takomillashdi. Qog‘oz so‘rovnomalar o‘rniga elektron tizimlar joriy etilishi, mobil qurilmalardan foydalanish imkoniyati yaratilishi va boshqa davlat tashkilotlari bilan integratsiya o‘rnatilishi orqali jarayonlar tezlashmoqda, xatoliklar kamaymoqda va ma’lumotlarning aniqligi oshib bormoqda.
– Faoliyatni raqamlashtirishda agentlik oldida qanday asosiy maqsad va vazifalar turibdi?
– Sohada ma’lumotlar hajmi ko‘paygani sari sifatga bo‘lgan talab ham kuchayishi tabiiy. Klassik statistikada ilgari qog‘oz so‘rovnomalardan foydalanilgan. Jarayonlarni optimallashtirishning eng yaxshi usuli raqamlashtirishda faol qatnashishdir. Rasmiy statistikani tayyorlash shartli ravishda uch bosqichga bo‘lindi: ya’ni ma’lumotlarni to‘plash, qayta ishlash va ularni foydalanuvchilarga taqdim etish. Aynan shu yo‘nalishlarni raqamlashtirish ustuvordir. Qolganlari esa ular tarkibi sifatida belgilangan.
– Ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va tahlil qilishda qanday texnologiyalardan foydalanilmoqda?
– Ilgari raqamli statistika qog‘oz blankalarda to‘plangan. Hozirda raqamli texnologiyalar tufayli to‘plash uch yo‘nalishda qo‘llanilmoqda. Ulardan biri raqamli hisobotlar, bu borada web shakldagi Estat.uz platformasini joriy qilganmiz. Ikkinchi manba sifatida mobil qurilmani joriy qildik, avvalari ishlatilgan kuzatuv blankalari hozirda planshetlarga o‘zgartirilgan. Bu birinchi navbatda qog‘oz sarfini kamaytiradi, jarayonni tezlashtiradi va xatoliklarni kamaytiradi. Sababi mobil ilovalardagi mantiqiy nazorat tizimi mexanik xatolarni bartaraf etishga qaratilgan. Uchinchi yo‘nalish bu – ma’lumotlar bazasidan foydalanish. Ya’ni vazirlik va boshqa davlat tashkilotlarining hujjatlashtirilgan ma’lumotlaridan statistika shakllantirishda foydalanishdir. So‘nggi ikki yilda 22 tadan ortiq tashkilot bilan integratsiya yo‘lga qo‘yilgan.
– Ma’lumotlar almashinuvida boshqa tashkilotlar bilan integratsiya qanday yo‘lga qo‘yilgan?..
– Foydalanuvchiga ma’lumot yetkazish kanallarini ko‘paytirish zarur, albatta. Bu borada veb-sahifa va platformalarni ishga tushirganmiz. Bundan tashqari, ikki xil xizmat joriy qilingan: biri rasmiy statistik ma’lumotlarni so‘rovga asosan taqdim etish, yana biri esa korxona va tashkilot registridan ma’lumot olish. Bu borada aynan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) bilan hamkorlik ham yo‘lga qo‘yilgan.
– Bugun xavfsizlik masalasi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Statistik ma’lumotlarni himoya qilish va maxfiyligini ta’minlash uchun qanday choralar ko‘riladi?
– Bu eng muhim masalalardan biri va ko‘pchilik respondentlarda xavotir uyg‘otadi. Rasmiy statistik ma’lumotlar xavfsizligi qonun asosida belgilab qo‘yilgan, ya’ni hech qaysi holatda uchinchi shaxsga, sud-tergov jarayonlariga yoki boshqa holatlarda taqdim etilishi mumkin emas. Normada belgilab qo‘yilganki, ushbu ma’lumotlar faqat rasmiy statistikani shakllantirish uchun ishlatiladi. Maxfiylikni ta’minlash uchun ma’lumotlarni to‘plashda ham, ularni qayta ishlashda ham elektron shifrlangan raqamlardan foydalaniladi va sub’yekt ruxsatisiz kabinetga hech kim kirolmaydi. Texnologik jarayonlarga kelsak, barcha ma’lumotlar va ularning nusxalari ham alohida serverlarda, shifrlangan holatda saqlanadi.
– Statistika agentligi o‘z faoliyatiga katta ma’lumotlar, mashinaviy o‘rganish yoki sun’iy intellekt kabi murakkab texnologiyalar integratsiyasini ham rejalashtiryaptimi?
– Hozirgi kunda barcha tashkilotlardagi eng dolzarb masalalardan biri – sun’iy intellektni sohaga joriy qilish. Bu bo‘yicha aynan yo‘nalish tanlanishi va xavfsizlik masalasini o‘rganish kerak. Bugun statistik hisobotlarni tartibga solish uchun Chat bot ustida ishlayapmiz. Ushbu tizimdan buxgalterlar o‘z hisobotlarida foydalanishlari mumkin. Yoki rasmiy statistik ma’lumot kerak bo‘lganda barcha o‘z so‘rovlarini kirita oladi. Ayni paytda loyiha mashinaviy o‘qitish bosqichida, 2025 yilning bahor oylarida ish yakunlanib, sinov tartibida taqdim etiladi.
– Davlat idoralari va korxona yoki aholi raqamli statistik ma’lumotlarga qanday kirishi mumkin? Buning uchun maxsus platforma yoki xizmatlar ishlab chiqilganmi?
– Bir necha yil avval foydalanuvchilar ehtiyojini o‘rgangan holda ushbu jarayonni raqamlashtirishga e’tibor qaratildi. Birinchi navbatda rasmiy veb sahifa takomillashtirildi. Yana ma’lumotlarni taqdim etuvchi portal ustida ish boshladik, hozirgi kunda u 3 ta tilda ishga tushirilgan. Uning qulayligi foydalanuvchilarga ma’lumotlarni jadval ko‘rinishida yoki mashinaviy o‘qitishga asoslanib taqdim etishida. Ma’lumotlar doimiy yangilanib boriladi.
– Xususiy kompaniya yoki tadqiqot markazlarining ma’lumotlar so‘rovi qanday ko‘rib chiqiladi? Bu borada qanday innovatsion yechimlar qo‘llaniladi? O‘zi bu turdagi ma’lumotlar hamma uchun ochiqmi?
– Hozirgi kunda foydalanuvchilar asosan rasmiy veb sahifa orqali murojaat qilishyapti. Tavsiya qilgan bo‘lardimki, aynan siat.stat.uz platformasi orqali ma’lumotlarni qidirib ko‘rishlarini, u yerda 2 800 dan ortiq ma’lumotlar bazasi mavjud. Bundan tashqari, ular my.gov.uz portali yoki rasmiy xat orqali murojaat qilishlari mumkin. Ba’zan murakkab so‘rovlar bo‘ladi, bunday vaziyatda rezidentlarni chaqirib, aniqlik kiritiladi. Murojaatlar o‘rtacha 3 – 7 kun oralig‘ida ko‘rib chiqiladi, ayrim hollarda 15 kungacha muddat talab etilishi mumkin.
Intervyuning to‘liq qismini YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin: