

Hozirgi kunda bojxona postlariga qog‘oz ko‘tarib borish shart emasligini va ko‘plab amaliyotlarni masofadan turib bajarish mumkinligini hamma ham bilavermaydi.
"Qulay hayot" loyihasining navbatdagi sonida Bojxona qo‘mitasi xodimlari bilan tizimdagi raqamlashtirish yurtdoshlarimiz hayotiga qanchalik qulayliklar olib kirgani haqida suhbat uyushtirildi.
– Bojxona qo‘mitasining masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona postidamiz. Bu yerga O‘zbekistonning barcha nuqtalaridan tashqi savdo yuklariga doir deklaratsiyalar – eksport, import va bojxona yuk deklaratsiyalari kelib tushadi. Bu yerdagi xodimlarimiz bir kunda davlat budjetiga o‘rtacha 300 milliard so‘m atrofidagi bojxona to‘lovlarini tushirishadi. Ilgari hamma hududning o‘zida bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshirilgandan keyin, xohlaymizmi-yo‘qmi, inson omili va korrupsion xavf-xatarlar bo‘lgan. Bugun esa bojxonada bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirayotgan xodim qaysi tadbirkorning yukini rasmiylashtirayotganini oldindan bilmaydi, – deydi mutaxassis.
– Endi buning imkoni yo‘qmi?
– Imkoni yo‘q. Va tabiiyki, deklaratsiya kelib tushgach, yashil, qizil yoki sariq yo‘laklar orqali rasmiylashtirish jarayonlari amalga oshiriladi. Ya’ni, bojxonachi va tadbirkor o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontaktga kirishga umuman hojat yo‘q.
– Bu raqamlashtirish jarayonining eng muhim jihatlaridan biri.
– Xuddi shunday. Maqsad ham jarayonni tezlashtirish, ham tadbirkorning vaqt va sarf-xarajatini qisqartirish, birinchi galda esa inson omiliga chek qo‘yish orqali korrupsion xavf-xatarlarning oldini olishdir.
– Tushunarli. Raqamlashtirish va inson omilining butkul uzoqlashtirilishi tadbirkorlarga qanchalik qulaylik yaratdi?
– Keling, sodda qilib tushuntiraman. Mana, 2026 yilning olti oyi davomida tadbirkorlarimiz, tashqi savdo ishtirokchilari bojxona organlariga 605 mingta bojxona yuk deklaratsiyasini elektron tarzda taqdim qilishdi. Bu bojxonaga qog‘ozbozlikni kamaytirish imkonini berdi. Ilgari deklaratsiya shunday qog‘oz shaklda to‘ldirilardi (taxminiy og‘irligi 300 gramm chiqadi).
Endi tasavvur qiling: shunaqa deklaratsiyadan 605 mingta kelib tushdi deylik. Bu yerda nafaqat deklaratsiya, balki unga ilova qilinadigan yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlari, boshqa idoralardan olinadigan ruxsatnoma, sertifikat va xulosalar ham bo‘ladi. Tovar turi qanchalik ko‘p bo‘lsa, ilovalar ham shuncha katta bo‘ladi. Biz avvalo qog‘ozbozlikdan qutuldik.
Umuman olganda, raqamlashtirishning bosqichlari elektron, raqamli va intellektual bojxona deb ataladi. Hozir biz intellektual bojxona bosqichidamiz. Ya’ni, tizimning o‘zi xavf guruhiga qarab deklaratsiyalarni yashil, qizil yoki sariq yo‘laklarga yo‘naltiradi. Mana shu olti oyning o‘zida 605 mingta deklaratsiyaning 21 foizini, ya’ni 120 mingtasini rasmiylashtirishda xodimlarning birontasi qatnashmadi, hatto birorta tugma ham bosmadi.
– Birorta tugma bosmagan?
– Albatta. Deklaratsiya tizimga kelib tushadi, mantiqiy nazorat funksiyalari va sun’iy intellekt elementlari ishlashi hisobiga tizimning o‘zi uni avtomatik rasmiylashtiradi va tadbirkorga xabar yuboradi. Bu bizning tilda "inson omilisiz rasmiylashtiruv" deyiladi.
– Bunday rasmiylashtiruvda xato bo‘lish ehtimoli qancha foizga teng?
– Umuman xato bo‘lmaydi. Bu yerda mexanizm ishlaydi, algoritmlar kiritilgan. Agar tadbirkorning o‘tmishi toza bo‘lsa, ilgari bojxona qoidalarini buzmagan va to‘lovlarni vaqtida to‘lagan bo‘lsa, hujjatlarda kamchilik bo‘lmasa, tizimning o‘zi avtomatik rasmiylashtiradi.
– Shunday hujjatlarni to‘ldirishga tadbirkorning ilgari qancha vaqti ketardi-yu, hozirgi elektron shaklda qancha vaqt ketmoqda?
– Masalan, birinchi marta tovar eksport yoki import qilayotgan bo‘lsangiz, sizda buni mustaqil to‘ldirish ko‘nikmasi bo‘lmasdi va ko‘pincha bojxona brokerlariga murojaat qilib, qo‘shimcha xarajat qilgansiz. Hozir esa tizimning o‘zi deklaratsiyalarni soddalashtirilgan holatda to‘ldirib beradi. Shartnoma va yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarini kiritsangiz, tizimning o‘zi ma’lumotlardan kelib chiqib deklaratsiyani avtomatik shakllantiradi.
Ilgari qog‘oz shaklda topshirilganda bitta xato-kamchilik topilsa ham, hujjat orqaga qaytarilib, kunlab vaqt yo‘qolardi. Olti oy yakunlari bo‘yicha eksport-import bilan shug‘ullangan 45 mingga yaqin tadbirkorlar bugungi kunda rasmiylashtiruv vaqti sezilarli darajada qisqarganini e’tirof etishmoqda.
Targetlash markazi va xavflarni monitoring qilish
Siz xorijdan O‘zbekistonga uchib kelyapsiz va hatto samolyotga o‘tirmasidanoq nazoratga olinishingizni bilasizmi? Agar noqonuniy tovarlar yoki vositalar bo‘lsa, aeroportga qo‘nishingiz bilan tekshiruvlar amalga oshiriladi. Bunga qanday erishiladi? Bu savolga Bojxona qo‘mitasidagi targetlash markazi faoliyati bilan tanishish orqali javob topish mumkin.
– Targetlash markazi – xavflarni monitoring qilish boshqarmasining tarkibiy tuzilmasi bo‘lib, uning asosiy vazifasi xavfni boshqarish tizimlariga asoslangan holda chegaradan harakatlanayotgan transport vositalari va fuqarolarga nisbatan samarali bojxona nazoratini qo‘llashdir. Markaz 60 dan ortiq avtomatlashtirilgan tizimlar, respublika bo‘ylab 3000 mingdan ortiq kameralar va zamonaviy vositalardan foydalanadi.
– Bu yerdagi xodimlar nimalarni nazorat qilishmoqda?
– Xodimlar o‘z yo‘nalishlariga bo‘lingan: bojxona nazorati, temir yo‘l va xalqaro aeroportlar. Masalan, "Aviapioneer" dasturi orqali O‘zbekistonga harakatlanayotgan reyslarni real vaqt rejimida ko‘rib turamiz. Agar Istanbuldan Toshkentga kelayotgan reysda 127 ta yo‘lovchi bo‘lsa, ulardan 6 nafari xavfli darajaga ega deb aniqlansa, ular hali samolyot qo‘nmasidan turib nazoratga olinadi.
Bunda fuqarolar bilet xarid qilgandan keyin shakllanadigan shaxsiy ma’lumotlari va risk profillaridan foydalaniladi. Aeroportlarda o‘rnatilgan Smart kameralar hamda Face ID tizimi orqali ular aniqlanib, inspektorlarga xabar beriladi.
– Bugun O‘zbekistonga kelayotgan biron bir shaxs noqonuniy tovar yoki modda olib kirayotgan bo‘lsa, ushlanmay qolish ehtimoli nolga teng deyishimiz mumkinmi?
– Albatta! Bunga nafaqat yo‘lovchilar, balki temir yo‘l vagonlari, yuk avtotransport vositalari, yengil mashinalar va avtobuslar orqali kirib keluvchilar ham to‘liq qamrab olingani orqali ishonch bilan javob bera olamiz.
Shunga qaramay, ayrimlar tana a’zolariga giyohvandlik vositalarini yashirib olib kirishga urinadi. Bunday holatlarda bodiskanner qurilmalari, rentgen uskunalari hamda xizmat itlari (kinologiya) yordam beradi. Tizim qanchalik mukammal bo‘lmasin, bojxona xodimining shaxsiy ziyrakligi va hushyorligi ham hal qiluvchi rolni o‘ynaydi.
Masofaviy elektron deklaratsiyalash va hamkor idoralar integratsiyasi
– Hozir masofaviy elektron deklaratsiyalash postida o‘tiribmiz. Bu yerda qanday ishlar bajarilyapti?
– Bu yerda o‘rtacha 150 ta xodim ishlaydi. Deklaratsiyalar xavfni boshqarish tizimi orqali yashil, sariq va qizil yo‘laklarga bo‘linadi. Yashil yo‘lak to‘liq sun’iy intellekt tomonidan xodim ishtirokisiz rasmiylashtiriladi. Sariq va qizil yo‘laklarda esa xodimlar hujjatli tekshiruvlarni amalga oshirishadi. Bu postda bir kunda o‘rtacha 3000–4000 ta bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilib, 300 milliard so‘m davlat budjetiga o‘tkaziladi.
Ilgarilari ayrim tovarlarni eksport-import qilishda Sog‘liqni saqlash vazirligi yoki Standartlashtirish agentligi kabi boshqa idoralarning xulosasi va sertifikatlari kerak bo‘lardi. Tadbirkorlar bu hujjatlarni yig‘guncha vaqt yo‘qotar, lekin barcha e’tirozni bojxonaga aytar edi. Hozir esa bojxonaning "Yagona darcha" axborot tizimi orqali barcha tegishli vazirlik va idoralar integratsiya qilingan. Tadbirkor boshqa idoradan hulosa olgani hamono, u bizning tizimda ham avtomatik ravishda ko‘rinadi.
Yagona portal, kiberxavfsizlik va kelajakdagi rejalar
– my.gov.uz portali orqali bugun bojxona xizmatlarining qanchasidan foydalanish mumkin?
– Bugungi kunda bojxona sohasidagi 20 ga yaqin interaktiv elektron xizmatlar aynan shu portal orqali ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi ilovasi va elektron navbat tizimlarini bitta yagona ilovaga jamlash ustida ishlayapmiz. Integratsiya jarayoni yuqori darajaga yetkazilgan.
– Fuqarolarning bojxona xizmatlaridan foydalangandagi shaxsiy ma’lumotlari qanchalik himoyalangan?
– Bojxona qo‘mitasida alohida Kiberxavfsizlik boshqarmasi mavjud. Ma’lumotlar o‘z server qurilmalarimizda qattiq himoyalangan holda saqlanadi. Kundalik sodir bo‘ladigan axboriy hujumlarning barchasi zudlik bilan bartaraf etiladi.
– Kelgusi yillarda bojxona tizimida yana qanday qulayliklar yaratilishi ko‘zda tutilgan?
– Raqamlashtirish hech qachon bir joyda to‘xtab qolmaydi. Avvallari tadbirkorning yuki chegaradan kirgach, ichki hududdagi postga kelib rasmiylashtirilar edi. Buning oldini olish maqsadida chegara bojxona postlariga tutash hududlarda terminallar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yuk chegaraning o‘zidayoq to‘liq rasmiylashtirilib, keyin korxonasiga olib ketilishi ta’minlanmoqda. Kelajakdagi rejamiz – chegara postining o‘zida rasmiylashtiruv qamrovini ikki barobarga oshirishdir.
Qonunga itoatkor, halol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida "Vakolatli iqtisodiy operator" maqomi joriy etilgan. Bu maqomni olgan tadbirkorlar bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lash va tovarlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z omboriga tushirib rasmiylashtirish imkoniyatiga ega. Bunday tadbirkorlar sonini 100 tadan 200 taga yetkazish choralari ko‘rilmoqda.
Koll-markaz va chatbot xizmatlari
Agar fuqarolarda bojxona organlari faoliyati bilan bog‘liq savollar yoki muammolar bo‘lsa, 24/7 rejimda ishlaydigan koll-markazga murojaat qilishlari mumkin. Yil boshidan buyon 152 842 ta murojaat operatorlar tomonidan qabul qilinib, savollarga joyida javob berilgan yoki mutaxassislarga ulab berilgan.
Shuningdek, Bojxona qo‘mitasining rasmiy saytida sun’iy intellektga asoslangan maxsus chatbot ham faoliyat yuritmoqda. Hozirga qadar chatbot orqali minglab fuqarolarning murojaatlariga onlayn tarzda javob qaytarildi.