Samarqandda BMT Davlat xizmatlari forumi bo‘lib o‘tadi

Samarqandda BMT Davlat xizmatlari forumi bo‘lib o‘tadi

23 aprel 2025

Joriy yilning 23 – 25-iyun kunlari Samarqand shahrida BMT Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha Boshqarmasi (UN DESA), Raqamli texnologiyalar vazirligi va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamkorligida BMT Davlat xizmatlari forumi (UN Public Service Forum–2025) bo‘lib o‘tadi.

Ushbu nufuzli xalqaro tadbir BMT Davlat xizmati kuni munosabati bilan tashkil etiladi va uning ochilish marosimi Samarqanddagi “Silk Road Samarkand” majmuasida o‘tkaziladi.

Forum 2030-yilgacha bo‘lgan kun tartibi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishda davlat sektori imkoniyatlarini kengaytirish, uning inson kapitali va texnologik salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan.

Forum doirasida dunyoning turli mamlakatlaridan vazirlar, yuqori lavozimli davlat xizmatchilari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, fuqarolik jamiyati va ilmiy-akademik doira vakillari, IT kompaniyalar hamda innovatsiya yetakchilari ishtirok etadilar.

Joriy yilning 16-aprel kuni Nyu-York shahridagi BMT Bosh qarorgohida yig‘ilish tashkil etilib, unda Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan BMT Davlat xizmatlari forumiga tayyorgarlik ishlari va O‘zbekistonda IT sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan taqdimot bo‘lib o‘tgan edi. 

Ushbu forumga tayyorgarlik ishlarini davom ettirish maqsadida bugun, 23-aprel kuni Raqamli texnologiyalar vazirligi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda O‘zbekistondagi xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari va xalqaro tashkilotlar rahbariyati uchun brifing o‘tkazildi.

Brifingda O‘zbekistonda davlat xizmati, elektron hukumat va raqamlashtirish sohalaridagi yutuqlar, amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, UN Public Service Forum – 2025 tadbiriga tayyorgarlik ishlari bo‘yicha taqdimotlar namoyish etildi.

Shuningdek, forum doirasida yuqori darajadagi plenar sessiyalar, amaliyotga asoslangan seminarlar, milliy keyslar va mamlakat tajribasini xalqaro maydonda taqdim etish rejasi ta’kidlandi. Tadbir ishtirokchilari xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, BMT doimiy vakolatxonalari va boshqa davlatlar delegatsiyalari bilan o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalarini ham muhokama qildilar.

Forum keng qamrovda o‘tkazilayotganligi sababli davlat tashkilotlari, ilmiy doiralar, IT-industriya va fuqarolik jamiyati uchun muhim xalqaro muloqot maydoniga aylanishi ta’kidlandi.

Samarqand shahrida ushbu yirik forumning o‘tkazilishi O‘zbekistonning global darajadagi obro‘-e’tibori ortib borayotganining yorqin isbotidir. Shu bilan birga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan raqamli islohotlar Markaziy Osiyodagi ilg‘or tajriba sifatida xalqaro maydonda munosib taqdim etiladi.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр