O'zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi banneri
Saudiya Arabistoni raqamli hukumati qanday qilib dunyo yetakchilari qatoriga chiqdi?

Saudiya Arabistoni raqamli hukumati qanday qilib dunyo yetakchilari qatoriga chiqdi?

17 avgust 2026

Saudiya Arabistoni nisbatan qisqa vaqt ichida raqamli hukumat sohasida sezilarli natija ko‘rsatgan davlatlardan biriga aylandi.

Mamlakat BMTning raqamli hukumat rivojlanishi indeksida 2022 yilga nisbatan 25 pog‘ona yuqorilab, 2024 yilda dunyoda 6-o‘rinni egalladi. Onlayn davlat xizmatlari bo‘yicha esa Saudiya 67 pog‘ona sakrab, 4-o‘ringa chiqdi. Shuningdek, mamlakat elektron ishtirok indeksida 7-o‘rinni, poytaxt Ar-Riyod esa dunyodagi 193 shahar orasida 3-o‘rinni band etdi.

Bu katta sakrashni faqat yangi texnologiyalar yoki muayyan raqamli platformalarning o‘zi bilan izohlash noo‘rin. Avvalo Saudiya Arabistoni raqamli hukumatni shakllantirishda uni davlat boshqaruvining turli qismlarini birlashtiruvchi yagona tizimga aylanishiga e’tibor qaratdi. Davlat idoralarining hamkorligi, infratuzilmaga investitsiyalar, xizmatlarni raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalar va foydalanuvchi tajribasini o‘lchash shu yondashuvning asosiy qismlariga aylandi.

Yuqorida ko‘rsatilgan ko‘rsatkichlar chambarchas bog‘liq: onlayn xizmatlarni kengaytirish uchun infratuzilma, malakali kadrlar va davlat idoralari o‘rtasida ma’lumot almashinuvi zarur. Saudiyaning o‘sishi ham ana shu bir nechta yo‘nalishning bir vaqtda rivojlanishida ifodasini topgan.

Mamlakat raqamli hukumati qanday qilib dunyo yetakchilari qatoriga chiqdi? Raqamli hukumat boshqarmasi rasmiysi Abdulvahob al-Baddah bu boradagi muhim jihatlarga to‘xtalib o‘tdi.

Davlat idoralari bir tizimda ishlay boshladi

Saudiyaning raqamli transformatsiyasidagi asosiy o‘zgarishlardan biri — davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish bo‘ldi.

Raqamli hukumat boshqarmasi davlat idoralari bilan birgalikda raqamli xizmatlarni rivojlantirish, ular uchun umumiy qoidalar va standartlarni belgilash hamda tizimlarni o‘zaro muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.

Bu yondashuvning fuqaro uchun amaliy ahamiyati katta. Agar turli davlat organlarida mavjud ma’lumotlar o‘zaro bog‘langan bo‘lsa, fuqaro bir xizmat uchun bir necha idoraga murojaat qilishi yoki bir xil ma’lumotni qayta-qayta taqdim etishiga ehtiyoj kamayadi.

Davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlik raqamli transformatsiyani alohida loyihalar yig‘indisidan yagona institutsional tizimga aylantirishda muhim rol o‘ynadi.

Ifratuzilmaga sarmoya

Raqamli xizmatlar qanchalik qulay bo‘lmasin, ularni ishlatish uchun ishonchli infratuzilma zarur. Saudiya Arabistoni so‘nggi yillarda telekommunikatsiya tarmoqlari va milliy raqamli infratuzilmani rivojlantirishga katta mablag‘ yo‘naltirdi.

Bu siyosat BMT reytingida ham o‘z aksini topdi: mamlakat Telekommunikatsiya infratuzilmasi indeksida 53 pog‘ona yuqorilagan.

Raqamli infratuzilma — faqat yuqori tezlikdagi internet emas. U ma’lumotlarni saqlash va uzatish tizimlari, davlat reyestrlari, raqamli identifikatsiya, idoralar o‘rtasida ma’lumot almashinuvi va xizmatlarni uzluksiz ishlatish imkonini beruvchi texnologik asosni ham qamrab oladi.

Saudiya shu qatlamlarni bir vaqtda rivojlantirish orqali raqamli xizmatlarni millionlab foydalanuvchilar uchun ommaviy shaklda taqdim etish imkoniyatini kengaytirdi.

Xizmatlarning o‘zi raqamlashtirildi

Saudiyaning reytingdagi eng katta sakrashi onlayn xizmatlar sohasida yuz berdi.

Ta’kidlanganidek, 2024 yilda mamlakat Onlayn xizmatlar indeksida 67 pog‘ona ko‘tarilib, jahonda 4-o‘rinni egalladi. Bu raqam davlatning raqamli transformatsiyasi faqat infratuzilma qurish bilan cheklanmaganini ko‘rsatadi.

Fuqarolar va mamlakatda yashovchi xorijliklar sog‘liqni saqlash, transport, pasport va fuqarolik ishlari, sud, bojxona va boshqa sohalardagi ko‘plab xizmatlarni raqamli platformalar orqali olishi mumkin.

Masalan, sog‘liqni saqlash sohasida tibbiy xizmatlardan foydalanish va shifokor qabuliga masofadan turib yozilish imkoniyatlari kengaygan. Sud tizimida ayrim jarayonlar elektron shaklga o‘tkazilgan. Rasmiy hujjatlarni olish va yangilashning bir qator turlari ham onlayn amalga oshiriladi.

Bojxona sohasidagi raqamli yechimlar esa rasmiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish va amaliyotlarni samaraliroq bajarishga yordam bermoqda.

Bu jarayonning ko‘lamini «Absher» platformasi orqali amalga oshirilayotgan operatsiyalar ham ko‘rsatadi. 2026 yil iyunida unda bir oyning o‘zida qariyb 48,9 millionta raqamli tranzaksiya amalga oshirilgan.

Yagona raqamli identifikatsiya

Saudiyada raqamli xizmatlarni ommalashtirishda identifikatsiya tizimi ham muhim o‘rin tutadi.

«Absher» davlat xizmatlarining asosiy platformalaridan biri bo‘lsa, «Nafaz» yagona raqamli identifikatsiya va turli xizmatlarga kirish imkonini beradi.

Bu tizimlar fuqaroning turli xizmatlardan foydalanishini soddalashtiradi: kishi har bir davlat platformasi uchun alohida jarayondan o‘tish o‘rniga yagona raqamli identifikatsiyadan foydalanishi mumkin.

Natijada raqamli xizmatlar alohida portallar yig‘indisi emas, balki bir-biri bilan bog‘langan ekotizimga aylanadi.

Texnologiya xizmatni soddalashtirish vositasiga aylandi

Saudiya Arabistoni raqamli hukumatning keyingi bosqichida sun’iy intellekt va boshqa zamonaviy texnologiyalarga katta e’tibor qaratmoqda.

Bu yerda asosiy maqsad texnologiyaning o‘zi emas, balki davlat xizmatlarini tezroq va samaraliroq qilish.

Masalan, ma’lumotlar avtomatik tarzda almashinsa, fuqarodan davlat organlarida allaqachon mavjud bo‘lgan ma’lumotni qayta so‘rashga ehtiyoj qolmaydi. Jarayonlarni avtomatlashtirish esa xodimlar bajaradigan takroriy operatsiyalarni qisqartirishi mumkin.

Shu sababli Saudiya zamonaviy texnologiyalarni raqamli xizmatlarning keyingi bosqichi sifatida ko‘rmoqda. Mamlakatning Raqamli hukumat boshqarmasi ham kelgusida sun’iy intellekt va boshqa texnologiyalardan foydalanishni yanada kengaytirishni rejalashtirgan.

Davlat xizmatini fuqaroning o‘zi baholaydi

Saudiya modelining eng qiziq jihatlaridan biri — xizmatni onlayn shaklga o‘tkazishning o‘zi natija sifatida qabul qilinmaydi.

Davlat organlari xizmatdan foydalanuvchilarning qoniqishini, platformalarning qulayligini va umumiy raqamli tajribani muntazam o‘lchaydi. Olingan natijalar xizmatlarni soddalashtirish va ularning samaradorligini oshirishda qo‘llanadi.

2024 yilda 175 mingdan ortiq foydalanuvchining fikri o‘rganilib, 39 ta raqamli platforma baholangan. «Tavakkalna» platformasi 91,29 foiz, «Absher» esa 90,39 foiz natija ko‘rsatgan.

Bu yondashuv raqamli hukumatning muhim tamoyilini ko‘rsatadi: davlat uchun «xizmat onlaynda mavjud» degan faktning o‘zi yetarli emas. Agar fuqaro undan foydalanishda qiynalsa, xizmatni yana takomillashtirish talab etiladi.

Reytingdan ko‘ra muhimroq natija

Saudiyaning raqamli hukumat reytingidagi natijalari 2016 yilda boshlangan «Saudi Vision 2030» strategiyasi bilan bevosita bog‘liq. Raqamli transformatsiya mamlakatning iqtisodiy va boshqaruv tizimini yangilash bo‘yicha uzoq muddatli rejalarining bir qismiga aylangan.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Saudiyada raqamli hukumatga oid me’yoriy talablarning yetukligi 100 foizga yetgan. Ochiq davlat ma’lumotlarini aholi va biznes uchun taqdim etish ko‘rsatkichi ham 100 foizni tashkil etgan.

Bundan tashqari, mamlakat raqamli ishtirok bo‘yicha 60 pog‘ona yuqorilagan. Bu davlat xizmatlarini raqamlashtirish bilan birga, aholi va biznesning davlat bilan raqamli muloqot imkoniyatlari ham kengayganini anglatadi.

Ta’bir joiz bo‘lsa, Saudiya Arabistoni raqamli hukumati — faqat raqamlashtirishning o‘zi emas, bu davlat xizmatlarini tashkil etish usulining o‘zgarishidir.

BMT reytingidagi katta sakrash — bu jarayonning tashqi ko‘rinishi. Uning ortida esa davlat idoralarining o‘zaro ishlashi, raqamli infratuzilma, millionlab onlayn operatsiyalar, yagona identifikatsiya, yangi texnologiyalar va eng muhimi, xizmatdan foydalanuvchining fikriga tayanish kabi bir-biri bilan bog‘liq jarayonlar turibdi.

Saudiya Arabistonining galdagi maqsadi reytingda yana bir necha pog‘ona yuqorilash emas. Asosiy masala — raqamli xizmatlarni shunday darajaga olib chiqishki, fuqaro davlat idorasiga borish o‘rniga telefon yoki kompyuter orqali ishini tez, oson va ortiqcha hujjatlarsiz hal qila olsin. Va bu tizim uzoq muddat va benuqson ishlashiga erishish, shundagina reyting maqsad emas, natijaga aylanadi.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр