

Singapurda sun’iy intellektni joriy etish dasturi doirasida 150 ming nafar davlat xizmatchisi uchun sun’iy intellekt agentlari reyestri ishlab chiqilmoqda.
Mazkur reyestr 150 ming nafar davlat xizmatchisiga ma’lumotlar xavfsizligiga putur yetkazmagan holda o‘z faoliyatida ilg‘or sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish imkonini beradi. Reyestr qaror qabul qilish va turli amallarni mashina tezligida bajarish qobiliyatiga ega bo‘lgan sun’iy intellekt agentlarining egalari hamda ularning faoliyatini kuzatib borishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Bu davlat xizmatchilari dasturlash, hisobotlar tayyorlash va uchrashuvlarni rejalashtirishdan tortib boshqa ko‘plab vazifalarda sun’iy intellektdan tobora kengroq foydalanayotgan bir sharoitda, samarali nazoratni ta’minlash maqsadida Hukumat texnologiyalari agentligi (GovTech) tomonidan jadal sur’atlarda joriy etilayotgan vositalar majmuasining bir qismi hisoblanadi.
GovTech bosh direktori Go Vey Bun The Straits Times nashriga ma’lum qilishicha, AI Assistant Desk deb nomlangan ushbu dasturiy yechimlar majmuasini joriy etishdan maqsad barcha davlat xizmatchilarini xavfsiz shaxsiy raqamli yordamchi bilan ta’minlashdir.
«Maqsadimiz moslashuvchan qoidalar tizimi, rasman tasdiqlangan sun’iy intellekt vositalari hamda reyestrni joriy etish orqali shaffoflik va xavfsizlik darajasini oshirishdir. Bu esa xodimlarning sun’iy intellekt agentlaridan to‘g‘ri foydalanishiga xizmat qiladi», — dedi Go.
Sun’iy intellekt inson kabi kompyuter vositalari bilan ishlay oladi. U onlayn tranzaksiyalarni amalga oshirish, xavf-xatarlarni baholash yoki boshqa vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan harakatlar ketma-ketligini oldindan belgilab, ularni insonning minimal ishtiroki yoki umuman ishtirokisiz bajarish imkoniyatiga ega.
Bu imkoniyat tabiiy tilni qayta ishlash va mantiqiy xulosa chiqarish texnologiyalari, ya’ni sun’iy intellekt sohasidagi so‘nggi yutuqlar natijasida yuzaga keldi. Mazkur texnologiyalar SIga inson tilini tushunish, vaziyatga mos ravishda tahlil qilish va tezkorlik bilan javob qaytarish imkonini beradi.
AI Assistant Desk tizimi — hozir ishlab chiqish bosqichida, 2026-yil yakunida yalpi joriy etiladi, ungacha ayrim davlat xizmatchilari ishtirokida sinovdan o‘tkazilmoqda.
Fotoga izoh: GovTech bosh direktori Go Vey Bunning ta’kidlashicha, AI Assistant Desk vositalari majmuasi barcha davlat xizmatchilari uchun xavfsiz shaxsiy raqamli yordamchi vazifasini bajarishga mo‘ljallangan. Foto: ST / Jeyson Kua