

Zamonaviy va samarali davlat xizmatlarini rivojlantirishda texnologiyalar bilan bir qatorda inson resurslari, jamoadagi ruhiy muhit va emotsional barqarorlik ham muhim o‘rin tutadi.
Shu munosabat bilan, 2026-yilning 3–7-avgust kunlari Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi xodimlari uchun “Pozitiv psixologiya asoslari va ularni amaliyotda qo‘llash” mavzusida amaliy trening mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Psixolog Sharifaxon Qodirova tomonidan olib borilgan ushbu o‘quv dasturida Markaz xodimlari (5 ta guruhga bo‘lingan holda) ishtirok etishdi. Mutaxassislar trening davomida sohadagi zamonaviy psixologik yondashuvlar va interaktiv amaliyotlar bilan tanishdilar.
Trening davomida tinglovchilar diqqatni to‘g‘ri taqsimlash, emotsional charchashning oldini olish hamda salbiy fikrlarni konstruktiv yechimlarga aylantirish ko‘nikmalarini egalladilar.
Mashg‘ulotlarda asosiy urg‘u PERMA modeli va jamoaviy ishonchga qaratildi. Jumladan, jamoada o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, psixologik xavfsizlik va ochiq muloqot muhitini shakllantirish usullari o‘zlashtirildi.
Shuningdek, axborot yuklamasi yuqori bo‘lgan sharoitda diqqatni jamlash, raqamli chalg‘ituvchi omillarni kamaytirish hamda nafas olish texnikalari orqali ruhiy tetiklikni tiklash amaliyotlari bajarildi.
Tadbirlar yakunida har bir guruh jamoaviy amaliyot rejasini tuzib, o‘zlari uchun muhim bo‘lgan takliflarni ilgari surdi. Ish jarayoniga pozitiv psixologiya tamoyillarining tatbiq etilishi – Markazning innovatsion va inson qadrini birinchi o‘ringa qo‘yuvchi ish muhitini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.