O'zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi banneri
Turkiyada davlat idoralari xodimlari sun’iy intellekt bo‘yicha majburiy o‘qitiladi

Turkiyada davlat idoralari xodimlari sun’iy intellekt bo‘yicha majburiy o‘qitiladi

09 sentyabr 2026

Turkiya davlat nashrlari xabar berishicha, mamlakatdagi barcha idoralarda yangi texnologiyalardan xavfsiz foydalanishni ta’minlash maqsad qilingan. Shu bois hukumat barcha davlat xizmatchilari uchun sun’iy intellekt asoslarini o‘rganishni majburiy qilib qo‘ydi.

Sanoat va texnologiyalar vazirligi boshchiligidagi ushbu onlayn ta’lim dasturi 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Sun’iy intellekt bo‘yicha milliy harakatlar rejasi asosida tashkil etilmoqda. Bunda xodimlar bevosita o‘z ish faoliyatiga aloqador bo‘lgan amaliy mashg‘ulotlarda qatnashadi. Kadrlar bo‘limi esa xodimlarning darslarni qanday o‘zlashtirayotganini va o‘qishni yakunlaganini doimiy kuzatib boradi.

O‘quv dasturi generativ sun’iy intellektdan foydalanish, ma’lumotlarni himoya qilish, axloq va dipfeyklar (soxta tasvir/videolar) haqida xabardorlikni o‘z ichiga oladi, imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirganlarga sertifikatlar beriladi.

Muassasalar sun’iy intellekt sohasidagi loyihalar portfelini boshqarish uchun yuqori bo‘g‘in rahbarlarini tayinlaydilar. Tarkibiy bo‘linmalar ushbu tayinlovlardan keyin 12 hafta ichida uch yillik rivojlanish rejalarini tayyorlashlari kerak.

Hukumat yangi texnologiyalarni avval kichik miqyosda sinab ko‘rib, keyin ommalashtirish usulidan foydalanadi. Bunda dastlabki bosqichdagi kichik xaridlar paytida texnologik tadbirkorlik sertifikati bor startaplarga alohida imtiyoz beriladi. Vazirliklar tezkor sinov loyihalarini boshlaydi va ular o‘zini oqlasa, olti oydan bir yilgacha bo‘lgan muddatda butun mamlakat miqyosida joriy etadi.

Ma’muriyat dastlabki bir yil ichida kamida 10 ta vazirlikda sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha 30 ta tajriba loyihasini yo‘lga qo‘yadi, bu ishlar ikki bosqichda amalga oshiriladi. Bu orqali eng muhim hisoblangan 10 ta davlat xizmatini to‘liq raqamlashtirish tizimi yaratiladi.

Elektron hukumat tizimida foydalanuvchilarga mos xizmatlarni tavsiya qilish, arizalarni oldindan tekshirib olish va hujjatlar bilan ishlashda «aqlli» yordamchi vositalar sinovdan o‘tkaziladi. Mutasaddilar ushbu platforma orqali aholi uchun sun’iy intellektga asoslangan kamida beshta yangi xizmatni yo‘lga qo‘ymoqchi. Bunda barcha jarayonlar inson nazoratida bo‘ladi va tizim qanday qaror qabul qilganini asoslab bera olishi shart. Jamiyat hayotiga katta ta’sir ko‘rsatadigan dasturlar esa majburiy tekshiruvdan o‘tkazilib, sertifikatlanadi.

Bu tashabbus Turkiya hukumatining davlat idoralarini raqamlashtirish yo‘lidagi katta rejalarining bir qismidir. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — sun’iy intellekt yordamida qog‘ozbozlikka chek qo‘yish hamda davlat xizmatlarini zamon talablariga moslashdir. Bungacha ham mamlakatni raqamlashtirish va idoralardagi ish hajmini kamaytirish bo‘yicha bir qator dasturlar qabul qilinib, aniq vazifalar belgilab qo‘yilgan edi.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр