Veterinariya sohasi ham raqamlashtirishga oʼtdi

Veterinariya sohasi ham raqamlashtirishga oʼtdi

27 oktyabr 2021

“Raqamli Oʼzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʼmitasiga “Qishloq xoʼjaligi hayvonlarini identifikatsiyalash, ularning harakatini kuzatish va monitoring qilish axborot tizimida qishloq xoʼjaligi hayvonlarining maʼlumotlar bazasini hudud boʼyicha shakllantirish” loyihasini amalga oshirish vazifasi topshirilgan.

Shunga muvofiq, 2020 yil 3-iyuldan identifikatsiya qilingan hayvonlar toʼgʼrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish maqsadida “VISCHINOR” elektron axborot tizimi yaratildi. Tizimdan respublika, viloyat, tuman kesimida identifikatsiyadan oʼtgan hayvonlarning turlari, hayvon migratsiyasi, salomatligi, hayvon egasi va boshqa maʼlumotlar oʼrin olgan.

Shuningdek, tadbirkorlik subʼektlariga qoʼshimcha qulayliklar yaratish maqsadida “MY-VIS” shaxsiy kabinet axborot tizimi ishlab chiqilib, http://my.vetgov.uz/ URL manzilida ishlamoqda.

Raqamlashtirish boʼyicha amalga oshirilgan ishlar:

Hayvonlarni identifikatsiya qilish boʼyicha 1200 dan ortiq davlat veterinariya va hududiy “Chorvanasl” markazi xodimlarining malakalari oshirildi.

Viloyat veterinariya boshqarmalari, tuman boʼlimlari elektron axborot tizimidan foydalanishlari uchun 475 ta elektron hisoblagich, 1300 ta aplikator, 30 ta planshet, 80 ta kompьyuter va 40 ta printer bilan taʼminlandi.

Respublika kesimida 1 702 nafar mutaxassis “VIS-CHINOR” elektron tizimidan roʼyxatdan oʼtkazilib, 181 ming 811 bosh qoramol hamda 3,6 mingdan ziyod chorvachilik yoʼnalishidagi tadbirkorlik subʼektlari elektron tizimga kiritilgan.

Joriy etilgan tizimlar:

“VIS-LICENSE” – veterinariya faoliyatini litsenzilash loyihasi boʼyicha elektron axborot tizimi ishlab chiqildi. Tizim barcha viloyatlarda amaliyotga joriy qilindi va litsenziyalarni taqdim etish toʼliq elektron shaklga oʼtdi. Veterinariya faoliyatini litsenziyalash davlat xizmati Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim qilinmoqda.

“VIS-BILLUR” – veterinariya-sanitariya jihatidan xavfsizligi kafolatlangan soʼyilgan hayvon goʼshtlarining yagona elektron maʼlumotlar bazasi elektron axborot tizimi ishlab chiqilib, takomillashtirilmoqda.

“VIS-SUBSIDIYA” – chorvachilik sohasida subsidiyalar berish tizimini avtomatlashtirish maqsadida elektron axborot tizimi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilindi hamda fermer xoʼjaliklari va tadbirkorlik subʼektlariga subsidiyalar ajratilmoqda.

Kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar:

“MY-VIS” axborot tizimida foydalanuvchilarni identifikatsiya qilishni Yagona identifikatsiya tizimi (ONE ID) orqali amalga oshirishni yoʼlga qoʼyish.

Davlat veterinariya xizmati tomonidan hayvonlarni identifikatsiya qilish, hisobga olish va hisobdan chiqarish boʼyicha arizalarni elektron shaklga oʼtkazish.

Naslchilik xoʼjaliklari maqomini berish boʼyicha elektron reestrini shakllantirish va guvohnomani YIDXP orqali taqdim etish.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр