

Vetnamda 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan raqamli transformatsiya milliy strategiyasi tasdiqlandi. U 2045-yilgacha bo‘lgan istiqbolni ham belgilab beradi.
Strategiyada ma’lumotlar hamda sun’iy intellekt (SI) vositasida iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish bilan bir qatorda, farovon, xavfsiz va inson manfaatlariga xizmat qiluvchi raqamli davlat barpo etishdek yuksak maqsadlar ko‘zlangan.
Mazkur strategiyada bosh mezon — aholi va tadbirkorlar, ular raqamlashtirish jarayonining asosiy harakatlantiruvchi kuchi va undan eng ko‘p manfaat ko‘ruvchi tomon sifatida belgilangan.
Vetnam raqamli transformatsiya barcha sohalarni to‘liq qamrab oladigan va mamlakat taraqqiyotining asosiy omiliga aylanadigan yuksak raqamli davlat bo‘lishga intilmoqda. Strategiyada ma’lumotlar hamda SIga asoslangan zamonaviy davlat boshqaruvi tizimini yaratish, strategik raqamli texnologiyalar, platformalar va mahsulotlar bo‘yicha ichki salohiyatni mustahkamlash, shuningdek, milliy raqamli suverenitetni ishonchli himoya qilish ko‘zda tutilgan.
Strategiyada maqsadlar uch asosiy yo‘nalishga ajratilgan: raqamli hukumat, raqamli iqtisodiyot va raqamli jamiyat.
Raqamli hukumatni rivojlantirish dasturi doirasida Vetnamda 2030-yilga qadar barcha ma’muriy jarayonlar va bu bilan bog‘liq barcha hujjatlar to‘liq raqamlashtiriladi.
Shu tariqa aholining davlat xizmatlaridan onlayn foydalanish darajasini 99 foizga yetkazishdir. Barcha vazirliklar, idora va mahalliy hokimiyat organlari boshqaruv hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatishda yagona milliy raqamli platformalardan foydalanishi majburiy etib belgilandi.
Barcha davlat axborot tizimlari milliy ma’lumot almashinuvi xizmatlari orqali o‘zaro integratsiya qilinadi. Har bir milliy, tarmoq va hududiy umumiy ma’lumotlar bazasi esa yagona standartga keltirilib, bir-biriga bog‘lanadi va sun’iy intellektdan foydalanish uchun tayyor holatga keltiriladi.
Strategiyada, shuningdek, tahlil qilish, prognozlash, oldindan ogohlantirish, monitoring olib borish va qarorlar qabul qilishni qo‘llab-quvvatlash uchun sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda, barcha hududiy intellektual boshqaruv markazlarini modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan.
Har bir davlat xizmatchisi va mansabdor shaxsning elektron shaxsiy varaqasi yuritiladi, shuningdek, barcha xodimlar raqamli ko‘nikmalar bo‘yicha o‘qitiladi. Raqamli transformatsiya va axborot texnologiyalari uchun mas’ul mutaxassislarning texnologik bilimlari muntazam yangilab boriladi. Bundan tashqari, har bir davlat xizmatchisiga sun’iy intellekt yordamchisi akkaunti taqdim etilib, ular davlat boshqaruvida sun’iy intellekt vositalaridan foydalanishga o‘rgatiladi.
Bundan tashqari, rasmiy statistika ko‘rsatkichlarining 70 foizi ma’muriy ma’lumotlar asosida shakllantirilishi kutilmoqda, bu esa an’anaviy so‘rovnomalarga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi.
Vetnam shu tariqa BMTning elektron va raqamli hukumat reytingida jahondagi eng ilg‘or 50 ta mamlakat qatoridan joy olmoqchi.
Strategiyaga ko‘ra, 2030 yilga borib raqamli iqtisodiyotning Vetnam yalpi ichki mahsulotidagi ulushini kamida 30 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Mamlakatda raqamli transformatsiyani amalga oshirish uchun kamida 500 000 ta kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektiga ko‘maklashiladi.
Bundan tashqari, ma’lumotlar almashinuvini rag‘batlantirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun xavfsiz hamda qonunchilik talablariga to‘liq javob beradigan kamida beshta ma’lumot almashish platformasini yaratish va ishga tushirish rejalashtirilgan.
Islohotlar natijasida elektron tijoratning chakana savdo va aholiga xizmat ko‘rsatishdan tushadigan yalpi daromaddagi ulushi 15-17 foizga yetishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, tijorat sohasidagi kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlarining 45 foizi yirik mahalliy va xalqaro elektron tijorat platformalariga jalb etilishi kutilmoqda.
Strategiyada naqd pulsiz hisob-kitoblardan foydalanishni keskin kengaytirish ham ko‘zda tutilgan, unga ko‘ra, tranzaksiyalarning umumiy hajmi yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmidan 30 baravargacha ko‘p bo‘lishi lozim.
Mehnat unumdorligi va raqobatbardoshlikni oshirish maqsadida kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlarining 40 foizdan ortig‘i «model xizmat sifatida» (model-as-a-service) platformalarini, sun’iy intellekt agentlarini yoki sun’iy intellektga asoslangan umumiy yechimlarni joriy etishi kutilmoqda.
Raqamli tafovutni kamaytirish uchun esa strategiya doirasida butun mamlakat bo‘ylab barcha xonadonlarni optik tolali keng polosali internet bilan ta’minlash ishlari yanada kengaytiriladi.
15 va undan katta yoshli aholining kamida 95 foizi bank hisobvaraqlariga yoki boshqa vakolatli moliyaviy tashkilotlardagi hisobvaraqlarga ega bo‘lishi kutilmoqda.
18 va undan katta yoshli aholining 70 foizdan ortig‘i shaxsiy raqamli yoki elektron imzoga ega bo‘ladi, shuningdek, elektron tibbiy kartalar bilan mamlakatning jami aholisini qamrab olish rejalashtirilgan.
Ushbu dastur doirasida 2026–2030 yillar davomida mehnatga layoqatli vetnamliklarning kamida 10 million nafariga raqamli ko‘nikmalar bo‘yicha boshlang‘ich ta’lim beriladi.
Ma’lumotlar milliy strategik resurs sifatida belgilandi
Strategiyada ma’lumotlar raqamli davlat boshqaruvi, raqamli iqtisodiyot va raqamli jamiyatning negizini tashkil etuvchi strategik resurs sifatida tavsiflangan.
Unda ma’lumotlarning aniqligi, yetarliligi, haqqoniyligi, muntazam yangilanib turishi, yagona standartga keltirilishi, birgalikda foydalanish uchun ochiqligi, ishonchli himoyalanishi va ulardan samarali foydalanishni nazarda tutuvchi tamoyillarga asoslangan yagona milliy ma’lumotlarni boshqarish tizimini yaratish zarurligi belgilangan.
Bunda asosiy e’tibor milliy, tarmoq va mahalliy ma’lumotlar bazalarini yaratishni yakunlash hamda ularni o‘zaro birlashtirishga qaratiladi. Shuningdek, siyosiy qarorlar ishlab chiqish, davlat boshqaruvi va xizmat ko‘rsatish jarayonlarida sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanuvchi yagona integratsiyalashgan milliy ma’lumotlar bazasini yaratish ustuvor vazifa hisoblanadi.
Eng muhim ma’lumotlar bazalari aholi, yer resurslari, tadbirkorlik, moliya, sug‘urta, sog‘liqni saqlash, ta’lim, mehnat, ijtimoiy ta’minot, davlat xizmatchilari, transport, shuningdek, tabiiy resurslar va atrof-muhitga oid ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Strategiyada, shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartib-taomillarini soddalashtirish, ularni ko‘rib chiqish vaqtini qisqartirish, to‘liq onlayn xizmatlar ulushini oshirish va foydalanuvchilarning qoniqish darajasini yuksaltirish maqsadida ma’muriy ma’lumotlarni raqamlashtirish, standartlashtirish, tozalash va ulardan qayta foydalanishni jadallashtirishga alohida urg‘u berilgan.
Shu bilan birga, Vetnam sun’iy intellekt integratsiya qilingan umumiy milliy raqamli platformalarni kengaytirishni davom ettiradi. Ularning qatoriga ma’lumotlarni integratsiya qilish va almashish, raqamli identifikatsiya va autentifikatsiya, raqamli to‘lovlar, raqamli xaritalash, boshqaruv va hisobot, sun’iy intellekt yordamchilari, ochiq ma’lumotlar platformalari, shuningdek, sog‘liqni saqlash, ta’lim, savdo, logistika, qishloq xo‘jaligi, turizm va aqlli shaharlarga xizmat qiluvchi tarmoq platformalari kiradi.
«Vetnamda ishlab chiqarilgan» (Made in Vietnam) shiori ostida raqamli texnologiyalar ekotizimini rivojlantirish rag‘batlantiriladi
Strategiyada raqamli texnologiyalar sohasida faoliyat yuritayotgan Vetnam korxonalari texnologiyalarni o‘zlashtirish va rivojlantirishda, shuningdek, raqamli transformatsiya borasidagi asosiy milliy vazifalarni hal etishda bosh yetakchi kuch sifatida belgilangan.
Mazkur korxonalar raqamli texnologiyalarni barcha tarmoq va hududlarga joriy etgan holda, mamlakatda raqamli hukumat, raqamli iqtisodiyot, raqamli jamiyat hamda raqamli texnologiyalar sanoatini rivojlantirishda yetakchi rol o‘ynashi kutilmoqda.
Bunda asosiy e’tibor «Vetnamda ishlab chiqarilgan» tashabbusi doirasida raqobatbardosh raqamli texnologiyalar ekotizimini yaratishga qaratiladi. Ushbu tizim raqamli platformalar, ma’lumotlar, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, bulutli hisoblashlar, yarimo‘tkazgichlar, dasturiy ta’minot, raqamli kontent hamda raqamli transformatsiya uchun tarmoq yechimlariga ixtisoslashgan kompaniyalarni rivojlantirishni ko‘zda tutadi.
Hukumat, shuningdek, mahalliy texnologiya kompaniyalari uchun yirik buyurtmachi va asosiy bozor vazifasini bajarish majburiyatini oladi.
Davlat xaridlari, davlat shartnomalari, xizmatlar autsorsingi hamda regulyatorlik «qumdon»lari (tajriba maydonchalari) mexanizmlari orqali mahalliy raqamli mahsulot va xizmatlarning bozorga tezroq chiqishi uchun imkoniyatlar yaratiladi. Bu imtiyozlar, ayniqsa, onlayn davlat xizmatlari, umumiy raqamli platformalar, milliy ma’lumotlar bazalari, kiberxavfsizlik, raqamli tibbiyot, raqamli ta’lim, raqamli to‘lovlar va raqamli boshqaruv sohalariga tatbiq etiladi.
Bundan tashqari, raqamli texnologiyalar sohasidagi korxonalarga ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini kuchaytirish, mahsulotlarni loyihalash, intellektual mulkni himoya qilish, sifat standartlariga rioya etish, kiberxavfsizlikni ta’minlash, mahsulotlarni tijoratlashtirish va bozorni kengaytirishda ko‘maklashiladi.
Strategiyada, shuningdek, raqamli texnologiyalar sohasida ichki qiymat zanjirini yaratish hamda Vetnam raqamli mahsulot va xizmatlaridagi mahalliy qo‘shilgan qiymat ulushini oshirish maqsad qilingan. Buning uchun yirik korporatsiyalar, kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, universitetlar, innovatsiya markazlari, yuqori texnologiyalar parklari va davlat idoralari o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rag‘batlantiriladi.