Salomatligi sababli xavfsizlik kamari taqish imkonini bermaydigan kasalliklar ro‘yxati Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Mazkur hujjat 2025 yil 13 yanvar kuni 3755-son bilan ro‘yxatga olingan.
Tasdiqlangan ro‘yxatga kiritilgan kasalliklarga chalingan fuqarolarga QR-kodli tibbiy ma’lumotnoma beriladi. Ushbu ma’lumotnoma “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimi orqali bemor biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasi yoki bemor davolangan davlat tibbiyot muassasasi tomonidan bepul taqdim etiladi.