O'zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi banneri
Yevropa Ittifoqida raqamli hukumat qurish: manzil yaqin, ammo qadamlar sust

Yevropa Ittifoqida raqamli hukumat qurish: manzil yaqin, ammo qadamlar sust

29 iyul 2026

Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida davlat onlayn xizmatlari izchil rivojlanib bormoqda. Biroq bugungi raqamli transformatsiya sur’atlari COVID-19 pandemiyasi davridagi shiddatdan ancha ortda qolmoqda, deyiladi Yevropa komissiyasi e’lon qilgan «eGovernment Benchmark 2026» hisobotida.

Agar YI davlatlari 2030 yilgacha asosiy davlat xizmatlarini to‘liq onlayn shaklga o‘tkazish va «Raqamli o‘n yillik» dasturidagi maqsadlarga erishmoqchi bo‘lsa, raqamli islohotlarni yanada tezlashtirishi shart. Hisobotdan chiqariladigan asosiy xulosa shu.

Yevropada raqamli hukumatni rivojlantirish trendlari o‘zgardi. Ilgari asosan raqamli servislar sonini ko‘paytirish bosh masala edi, endi sun’iy intellektdan foydalanish, milliy raqamli suverenitetni saqlash, tizimlarning o‘zaro mosligi va eng muhimi — foydalanuvchilar uchun chinakamiga qulay raqamli muhit yaratish birinchi planga chiqmoqda.

Davlat xizmatlari telefon ichida

Yevropa Ittifoqining barcha mamlakatlarida aholi va tadbirkorlar uchun davlat onlayn xizmatlari qamrovi kengayishda davom etyapti. Pandemiya yillarida raqamlashtirish jarayoni juda yuqori sur’atlarda kechdi, bugun bu harakat ancha susaygan, biroq barqaror va izchil kechmoqda («eGovernment Benchmark 2026» hisoboti, Capgemini kompaniyasi Sogeti va IDC bilan hamkorlikda tayyorlagan).

Xususan, Yevropa Ittifoqi raqamli xizmatlarni mobil qurilmalarga moslashtirishda katta yutuqlarga erishdi: a’zo mamlakatlar o‘rtacha 100 ballik tizimda 97,4 ball to‘pladi. Bir yil avvalgi ko‘rsatkich 96,1 ball bo‘lgandi. Endi ko‘pdan-ko‘p davlat veb-saytlariga yevropaliklar smartfon va planshetlardan kirib bemalol foydalanishmoqda.

Biroq yechimini kutayotgan muammolar ham talaygina. Masalan, davlatlar o‘rtasidagi transchegaraviy raqamli xizmatlarni rivojlantirish, sun’iy intellektga asoslangan chat-botlar sifatini oshirish, milliy raqamli suverenitetni ta’minlash va boshqalar.

Onlayn xizmatlar kim uchun yaxshiroq ishlaydi?

«eGovernment Benchmark 2026» hisoboti Yevropa Ittifoqining barcha 27 a’zo davlatini qamrab oldi. Mazkur tadqiqot doirasida 2025 yilning noyabr oyida Yevropa qit’asi bo‘ylab faoliyat yurituvchi «maxfiy foydalanuvchilar» (Mystery Shoppers) tarmog‘i 14 mingdan ziyod davlat veb-sayti faoliyatini baholadi. Shu bilan birga, soha ekspertlari tomonidan fuqarolar hamda tadbirkorlar eng ko‘p duch keladigan to‘qqizta asosiy hayotiy vaziyat bo‘yicha ko‘rsatiladigan 96 turdagi davlat xizmati sinchiklab tahlil qilindi.

Xuddi avvalgi yillardagi kabi, bu galgi tadqiqotda ham tadbirkorlik subyektlari uchun mo‘ljallangan raqamli davlat xizmatlari fuqarolarga taqdim etilayotganlariga qaraganda yaxshiroq ishlayotgani ma’lum bo‘ldi.

«Raqamli o‘n yillik» (Digital Decade) dasturining asosiy ko‘rsatkichlariga ko‘ra, raqamli davlat xizmatlarining rivojlanish darajasi:

  • fuqarolar uchun — 100 balldan 84,6 ball
  • biznes uchun — 100 balldan 88,6 ball

Garchi bu ikki toifa o‘rtasidagi raqamli tafovut asta-sekin qisqarib borayotgan bo‘lsa-da, fuqarolar uchun mo‘ljallangan xizmatlarni, ayniqsa, sog‘liqni saqlash va adliya sohalarida yuksaltirish zarurligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, maqsadli ko‘rsatkichni 100 foizga yetkazish uchun Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yana 270 ta servisni rivojlantirishi zarur.

«eGovernment Benchmark» raqamli davlat xizmatlaridagi kamchiliklarni ko‘rsatish barobarida, 2030 yilgacha belgilangan marralarga erishish yo‘lida qit’a mamlakatlari rahbarlari e’tibor qaratishlari shart bo‘lgan bosh yo‘nalishlarni ham belgilab berdi.

Chegarada to‘xtagan raqamlashtirish

Eng murakkab vaziyat davlatlar o‘rtasidagi transchegaraviy xizmatlar sohasida kuzatilmoqda. Ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun yana 610 ta xalqaro raqamli servis ustida ishlash va ularni yaxshilash talab etiladi.

Buning uchun axborot tizimlarining o‘zaro muvofiqligini ta’minlash, raqamli identifikatsiya hamda elektron hujjatlarni o‘zaro tan olish mexanizmlarini hayotga tatbiq etish lozim. Shuningdek, raqamli xizmatlarni bir nechta tilda ko‘rsatish hamda turli mamlakatlarning boshqaruv idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash kerak bo‘ladi.

Sun’iy intellekt va raqamli mustaqillik

Hisobotning alohida bobi davlat boshqaruvida sun’iy intellektdan foydalanish va milliy raqamli suverenitet masalalariga bag‘ishlangan. Bugungi kunda ushbu ikki jarayon Yevropa Ittifoqida raqamli siyosatning eng muhim vazifalaridan biri sifatida qaralmoqda.

Yevropa mamlakatlarining ko‘pchiligi markaziy portallar va mobil ilovalarda foydalanuvchilarga ko‘maklashish uchun zamonaviy chat-botlarni hayotga tatbiq etgan. Biroq bunday yechimlarning keng yoyilishi so‘nggi paytlarda deyarli to‘xtab qoldi. Qolaversa, mavjud tizimlarning aksariyati hali mukammallikdan yiroq. Ularning sifati yuksaltirilmasa, sun’iy intellekt imkoniyatlari fuqarolarning ishini yengillashtirish o‘rniga, qo‘shimcha muammolar tug‘dirishi mumkin.

Muhim masalalardan yana biri — raqamli suverenitet. Hozirda Yevropa Ittifoqiga a’zo ko‘p mamlakatlar chet el provayderlari raqamli infratuzilmasiga qaramligicha qolmoqda.

Davlat veb-saytlarining uchdan biridan ko‘prog‘i Yevropa Ittifoqi hududidan tashqaridagi kompaniyalar boshqaradigan serverlarda ishlayapti, bu esa raqamli suverenitetni ta’minlash yo‘lidagi jiddiy to‘siq. Shu bois davlat raqamli xizmatlarini Yevropa raqamli infratuzilma konsorsiumlari (EDIC) orqali qit’a provayderlariga ko‘chirish tavsiya qilinmoqda.

Xulosa va tavsiyalar

Mazkur tadqiqot yakunida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun umumiy tavsiyalar, amaliy chora-tadbirlar hamda ustuvor investitsiya yo‘nalishlari ilgari surilgan bo‘lib, ularning barchasi raqamli boshqaruvni rivojlantirish jarayonini yanada jadallashtirishga qaratilgan.

Ushbu xalqaro tahlildan chiqariladigan asosiy xulosa shuki, Yevropa davlatlari raqamli xizmatlarni yuksaltirish yo‘lida katta yo‘lni bosib o‘tdi. Biroq bugungi sur’at 2030 yilga mo‘ljallangan oliy marraga yetish uchun yetarli emas. Shu sababli qit’a mamlakatlari raqamli islohotni keskin tezlashtirishi, axborot tizimlarining o‘zaro muvofiqligini kuchaytirishi, sun’iy intellekt imkoniyatidan keng foydalanishi hamda milliy raqamli suverenitetni ta’minlashga ustuvor e’tibor qaratishi zarur, deyishmoqda tadqiqot mualliflari.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр