Daniya davlat sektorini raqamlashtirish bo‘yicha deyarli har bir hisobot va tahlillarda birinchi o‘rinda turadi. Bu mamlakat aholisi Yevropa Ittifoqida raqamli va dalat xizmatlaridan eng yuqori darajada foydalanish imkoniga ega.
Turkum maqolalarimizda Daniya qanday qilib ilg‘or raqamli davlatga aylangani va uning raqamlashtirish strategiyasi qanday foyda keltirayotgani haqida batafsil hikoya qilamiz.
Daniyani yetakchiga aylantiradigan raqamli xizmatlar
Mamlakat aholisiga xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan elektron hukumatning olti strategiyasi.
1. NemID: Hamma joyda ishlatiladigan raqamli identifikatsiya vositasi
«Oson ID» deb tarjima qilinagan NemID — bu raqamli Daniya uchun kalit bo‘lgan elektron identifikatsiya xizmati. Bu Daniya aholisi va tadbirkorlarga davlat hamda xususiy sektorning barcha raqamli xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish imkonini beradi. Xususan, identifikatsiya qilishdan tortib, hujjatlarni imzolash va raqamli bank, sog‘liqni saqlash xizmatlari, soliqlar va boshqa ko‘p xizmatlarga yo‘l ochadi.
Daniya 1999 yilda raqamli imzolar bo‘yicha birinchi sinov loyihasini amalga oshirgan. 11 yildan so‘ng NemID joriy etildi. Bu ikki faktorli autentifikatsiya shakli bo‘lib, unda aholi o‘z shaxsini tasdiqlash uchun kalit kartadan foydalangan.
2018 yilda hukumat aholiga kartasiz o‘z shaxsini tasdiqlash imkonini beruvchi qulay NemID mobil ilovasini chiqardi.
Bugungi kunda Daniya aholisining 90 foizdan ortig‘i raqamli identifikatsiya uchun NemID’dan foydalanadi.
Raqamlilashtirish agentligi direktori Rikke Xougaard Zeberg shunday izohlaydi: «Bu raqamli Daniyaning xavfsiz kalitidir va uning ajablanarli tomoni shundaki, u davlat va xususiy sektorda ishlaydi.
NemID login bilan birlashtirilgan, bu barcha raqamli xizmatlarda ishlatiladigan umumiy kirish sahifasi. Barcha davlat xizmatlarida Daniya aholisi o‘zlariga tanish bo‘lgan shakldagi kirish sahifasidan foydalanishadi. Va ular faqat bitta identifikatsiya raqami va kirish kodini eslab qolishlari kifoya qiladi.
Ammo Daniya raqamlashtirish yo‘lida faqat shu bilan chegaralanib qolgani yo‘q.
2022 yilda ular MitID (my ID) deb nomlangan Daniya elektron ID’ning uchinchi avlodini chiqardilar. Daniya banklari bilan davlat-xususiy sheriklik asosida ishlab chiqilgan MitID kiber-firibgarlik va fishingga oid ortib borayotgan xavotirlarga javob bera oladi.
2. Raqamli pochta: Xavfsiz raqamli pochta qutisi
Raqamli pochta yangilik emas (xuddi sizning elektron pochtangiz kabi), lekin Daniyaning Digital Post platformasi davlat idoralari va organlarining fuqarolar hamda tadbirkorlar bilan xavfsiz va ishonchli muloqotini ta’minlaydi.
Digital Post — bu davlat organlarining fuqarolarga xabarlar yuborish imkonini beruvchi hukumat xizmatining nomi.
Digital Post’ning asosiy xususiyatlaridan biri shundaki, u orqali yuborilgan xabarlar qonuniy kuchga ega. Undan Daniya aholisining 94 foizi foydalanadi, ulardan 92 foizi platforma orqali hokimiyat bilan muloqot qilishda o‘zini xavfsiz his qiladi.
Daniyaning barcha davlat xizmatlarida bo‘lgani kabi, aholi ham unga kirish uchun NemID’dan foydalanadilar.
3. NemKonto: Har bir fuqaro va biznes uchun bank hisobi
NemKonto («oson hisob» degan ma’noni anglatadi) — 18 yoshdan oshgan barcha Daniya fuqarolari va korxonalar hukumatda ro‘yxatdan o‘tishlari shart bo‘lgan oddiy bank hisobvarag‘idir.
Bu juda oddiy ko‘rinadi, lekin NemKonto imkon beradigan jihatlar juda muhim. Bu shuni anglatadiki, hukumat ishsizlik uchun nafaqa to‘lashi, o‘qishini qo‘llab-quvvatlashi yoki soliq deklaratsiyasini to‘lashi kerak bo‘lganda, ular har bir tadbirkor va fuqarolarning hisob ma’lumotlaridan xabardor bo‘lishadi.
NemKonto’ni olish fuqarolar uchun qiyin emas, chunki Daniyada bank hisobi ochilganida u avtomatik ravishda NemKonto’ga ulanadi.
4. Borger.dk: Daniya davlat xizmatlari uchun yagona oyna
Ishsizlik haqida ariza berish kerakmi? Tibbiy kartaga buyurtma berish zarurmi? Turmush qurish..? Manzil o‘zgarishini ro‘yxatdan o‘tkazish? Soliqlarni to‘lashmi? O‘g‘irlangan velosiped haqida xabar bermoqchisizmi?
Daniyada qanday davlat xizmati kerak bo‘lishidan qat’i nazar, barchasi borger.dk saytidan boshlanadi. «Borger» — «fuqaro» deb tarjima qilinadi va sayt daniyaliklarning hukumat bilan o‘zaro munosabatlariga ko‘prik vazifasini o‘taydi.
Bu — Daniya davlat xizmatlari uchun yagona markaz. U orqali ko‘plab xizmatlarning deyarli har biri raqamli ravishda bajariladi.
Daniya fuqarosi o‘zining Digital Post’ida soliq vaqti kelganligi haqida bildirishnoma olishi mumkin. Keyin u borger.dk saytiga kirib, soliq sayti havolasiga o‘tadi va NemID va logini bilan soliq saytiga kirib, arizani to‘ldiradi, so‘ng soliq deklaratsiyasini NemKonto’ga topshiradi.
5. Mobil ilovalar: ID, tibbiy sug‘urta, Digital Post
Ko‘pgina xususiy sektor kompaniyalari singari, Daniya hukumati ham faqat mavjud raqamli xizmatlar bilan cheklanib qolgan emas. Tizimni ular foydalanish qulayligi va mijozlar tajribasini yaxshilash uchun optimallashtirib boradi.
Mijoz/fuqaro tajribasiga e’tibor Daniya fuqarolari orasida raqamli xizmatlardan yuqori foydalanishning asosiy kalitidir. Buni yuqorida sanab o‘tilgan xizmatlar uchun mobil ilovalar ishlab chiqilganidan bilish mumkin.
Daniyada hatto haydovchilik guvohnomasi ilovasi ham mavjud. Shuningdek, Daniya tibbiy sug‘urtasi kartasi uchun ilova mavjud bo‘lib, u fuqarolarga Daniyada tibbiy yordam olish huquqini beradi. Raqamli pochtaga kirish, NemID’dan foydalanish va faqat telefon raqami bilan partiyalar o‘rtasida pul jo‘natish uchun ilovalar mavjud.
6. Daniyaning mustahkam va ishonchli elektron hukumati: yuqori talabli boshqaruv
Daniyaning raqamli davlat xizmatlari foydalanuvchilar talablarini bajarishda to‘rtta asosiy tamoyilga amal qiladi: funksionallik, ishonchlilik, foydalanishda qulaylik va yoqimli taassurot.
Daniya davlat xizmatlari ishonchliligini ta’minlash uchun, masalan, soliq va meditsina xizmatlari “virtual kutish xonasi” bilan himoyalangan. Bu ushbu xizmatlarni talab yuqori bo‘lgan vaqtda turli uzilishlardan himoya qiladi. Bu degani — ushbu saytlar dam olishlarsiz, 24 soat davomida ishlaydi. Fuqarolar eng kerak paytla ularning ishiga tayanish mumkinligiga ishonishadi.
(Davomi bor)