Raqamli Shvetsiya: qirollari «kambag‘al», xalqi boy mamlakat (uchinchi qism)

Raqamli Shvetsiya: qirollari «kambag‘al», xalqi boy mamlakat (uchinchi qism)

21 oktyabr 2022

2000-yilda tasdiqlangan «Barcha uchun axborot jamiyati» strategiyasidan ko‘zlangan asosiy maqsad Shvetsiya axborot jamiyati hamma uchun ochiq birinchi mamlakat bo‘lishi uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish edi.

(Davomi. Birinchi va ikkinchi qismlar)

Elektron hukumat platformasini shakllantirish doirasida ko‘plab qonun hujjatlari qabul qilindi (va muntazam takomillashtirib borildi). 2000–2008-yillar davomida axborot xavfsizligi, elektron tijorat, elektron hisob-kitob va soliq bo‘yicha qonunlar qabul qilindi, Jamiyat boshqaruvi milliy agentligi (Statskontoret) hamda Davlat elektron boshqaruv tizimi (VirtualSweden)ga asos solindi.

Raqamli iqtisodiyot sari

1990-yillar oxirlarida aynan aloqa va axborot texnologiyalari Shvetsiyaning iqtisodiy o‘sishini harakatlantiruvchi kuchga aylandi. Mamlakat yangi asrga innovatsiyalar mamlakati sifatida qadam tashladi.

Bugungi Shvetsiya — jahon AKT-hamjamiyatining yetakchilaridan sanaladi. 2000-yillar boshlaridan o‘ta kuchli raqobat o‘sishni boshlashiga qaramasdan,  Shvetsiya Yevropada yetakchi uchlik, jahonda beshlikka kiradi. Axborot texnologiyalari sektorining ayrim yo‘nalishlari (infratuzilmaning innovatsiyalashuvi, YaIM va eksportdagi ulushi, xo‘jalik sohalarining raqamlashuvi, milliy iqtisodiyot samaradorligidagi hissasi kabilar)da esa hatto AQSh bilan bellasha oladi.

2016-yili AKTning iqtisodiyot o‘sishidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulushi YaIMning 8,2 foizini tashkil etdi. Mamlakatdagi mehnatga yaroqli har 10-fuqaro AKT sohasida band, ushbu sektordagi kompaniyalar soni esa mamlakatdagi jami kompaniyalarning 6 foizini tashkil etdi.

Ilm-fanni moliyalashtirish bo‘yicha qirollik jahonda barqaror uchinchi o‘rinda — YaIMning 3,4 foizigacha. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqot ishlarining 80 foizigacha xususiy sektor moliyalashtiradi. Fundamental tadqiqotlarni moliyalashtirishni esa davlat o‘z zimmasiga olgan.

Bularning natijasida milliy eksport tarkibida jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar eksportdagi ulushi bo‘yicha 2000-yillarning boshiga kelib po‘lat quyish va sellyuloza-qog‘oz sanoati kabi an’anaviy sohalarni ortda qoldirdi, bugun esa mashinasozlik va avtomobilsozlik sohalari bilan izma-iz boryapti.

Ushbu sektorning yuqori darajada rivojlanishi, birinchi navbatda, milliy iqtisodiyot tomonidan o‘sib borayotgan talab bilan ham izohlanadi. «Raqamlashtirish yoki azobli o‘lim!» — yangi avlod shved AKT-progressorlari shu shiorni bayroq qilib olishgan.

Raqamli pul

Yevropada qog‘oz pullarning vatani — Shvetsiya. Va u dunyoda birinchi bo‘lib «qog‘oz»dan voz kechib, raqamli valyutaga to‘liq o‘tishga tayyorlanmoqda. Shvetsiya davlat banki — Riksbank qirollik fuqarolariga murojaatida raqamli valyuta (e-krona)ga o‘tilishini e’lon qildi. Bugungi kunda mamlakatda savdo aylanmasining faqat 2 foizi naqd pullarga to‘g‘ri keladi. Muomalada asosan elektron karta va mobil hamyonlar. Qog‘oz pullarni qabul qilishdan savdo tarmoqlari, mobil aloqa operatorlari va hatto ayrim banklar ham voz kechmoqda. Biroq aholining muayyan qismi ma’lum sabablarga ko‘ra o‘zgarishlarni istamaydi. Ular uchun xuddi ilgarigidek bankomatlar ishlab turibdi. Qizig‘i, nafaqat pensionerlar, balki yoshlar orasida ham bankomatlardan foydalanuvchilar uchraydi.

Shvetsiyada tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni mobil telefonda amalga oshiruvchi Swish ilovasi 2012 yildan beri ishlayapti. Ilovadan 3 milliondan ortiq fuqaro, ya’ni har uchinchi shved foydalanadi.

Albatta, muammolar ham yo‘q emas. Masalan, raqamli moliyaviy xizmatlardan foydalanishda keksalar, qolaversa, diniy e’tiqodi nuqtai nazaridan ayrim toifa shaxslar bilan muammolar kuzatiladi. Shunga qaramay, raqamli valyuta firibgarlik va va korrupsiyaga qarshi kurashda samarali vositaligini isbotladi, demak, shvedlar uchun qog‘oz pullar tarixga aylanishga yaqin.

Chiqindi bu — boylik...

Shvetsiya zamini neft va gaz kabi qazilma boyliklardan mosuvo. 1970-yillarning boshlarida mamlakat energiyaga bo‘lgan ehtiyojining 75 foizigacha chetdan sotib olingan «qora oltin» hisobiga qoplardi. Biroq aynan neft va gazning yo‘qligi shvedlarni «qutqardi». Hukumat «ikkitasi birda» tamoyili asosida bir yo‘la energiya tejamkorligi va «yashil iqtisodiyot» muammolarini hal etishga ancha avval kirishgan.

Chiqindilarni saralash madaniyati garchi bu xalqning qon-qonida bo‘lsa-da (chiqindini saralashni maktabdayoq o‘rgatishadi), ushbu g‘oyani takomiliga yetkazish uchun 70 yildan ko‘p vaqt ketdi.

Bugungi kunda Shvetsiyada maishiy chiqindilarni saralash dasturi aql bovar qilmas darajaga ko‘tarilgan: maishiy chiqindining faqat 1 foizi chiqindi poligonlariga yetib boradi (Yevropa Ittifoqida bu ko‘rsatkich 38 foiz atrofida). 99 foiz chiqindi qayta ishlanadi yoki issiqlik ishlab chiqarish uchun yoqiladi. Mamlakatdagi markaziy istitish tizimlarining 20 foiz issiqligi aynan chiqindilarni yoqish hisobiga ta’minlanadi. Chiqindilarni yoqishdan olingan elektr energiyasi esa mamlakatdagi 250 mingga yaqin xonadonni ta’minlaydi. Shvetsiyada chiqindilarni yoqishga mo‘ljallangan 30 dan ortiq zamonaviy zavod yiliga 5,5 mln tonnagacha chiqindini yoqishga mo‘ljallangan. Qizig‘i, shu chiqindilarni yoqishdan hosil bo‘luvchi, chiqindilar umumiy massasining 15 foizini tashkil etuvchi kul yana saralanib, qayta ishlanadi. Masalan, kulni elashdan qolgan shag‘al yo‘l qurishda qo‘llaniladi.

Chiqindilarni yoquvchi zavodlarning mo‘rilaridan taraluvchi tutun 99,9 foiz zaharli bo‘lmagan karbonat angidrid va suvdan iborat, shunga qaramasdan, tutun quruq filtr va suv orqali yana bir bor tozalanadi.

Shvetsiyada chiqindi tashuvchi mashinlar chiqindini qayta ishlashdan olingan «biogaz»da yuradi.

Shved mutaxassislarining hisob-kitoblariga qaraganda, 4 tonna chiqindi 1 tonna neft kabi energiya beradi. Yana ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, 860 gramm chiqindi — 1 kg tovuq go‘shti, 4 kg chiqindi — 1 kg mol go‘shti, 97 gramm chiqindi — 1 litr sut, 25 kg chiqindi — paxtali shim «beradi». Agar shvedlardek fikrlansa, chiqindi bu — boylik!.. Ayniqsa, eski elektronika.

Masalan, 5 ming dona mobil telefondan taxminan 1 kg oltin va 10 kg kumush olish mumkin. Batareyalar esa alohida mavzu. Bir tonna batareya (tuzli va alkalinli) 350 kg ferromarganets (zanglamas po‘lat olishda ishlatiladi), 280 kg rux (tunuka buyumlar, quvurlar yasaladi) va h.o.larni beradi. Qolaversa, tabiiy qazilmalarni olishdan ko‘ra, batareyalarni qayta ishlash ko‘proq foydali elementlarni berishi aniqlangan.

Shvetsiyaning energiya mustaqilligi loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshmoqda. Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotiga ko‘ra, 1960 yilda qirollik energiyaning 74,5 foizini qazilma yoqilg‘idan olgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 14 foiz atrofida.

Shvetsiya chiqindini qayta ishlashda shunchalik ilgarilab ketdiki, o‘z ehtiyoji uchun chiqindi yetishmovchiligi muammosi paydo bo‘ldi. Har yili 800 ming tonnagacha chiqindini sotib olishga majbur... Asosiy ta’minotchilar: Norvegiya, Buyuk Britaniya, Irlandiya... va bu boshlanishi.

Har qanday mamlakatning muvaffaqiyati nafaqat iqtisodiyoti, hududining kattaligi, qazilma va tabiiy boyliklari, balki o‘ziga halol, bilimli, agar omadi chopsa, donishmand hukumatni tanlay bilgan xalqning xohish-irodasiga bevosita bog‘liq. Bunga yorqin misol tabiatdan faqat olish emas, qaytarish ham kerak, deb hisoblovchi, turmush tarzi, iqtisodiyoti shunga qurilgan «Raqamli Shvetsiya» fuqarolaridir.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр